Markaziy Osiyo va AQSH Tashqi ishlar vazirlarining C5+1 formatidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Jamiyat
−
28 Sentabr
4428Kecha, 27 sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 79-yillik sessiyasi doirasida C5+1 mintaqaviy diplomatik platformasi shafeligida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlari hamda AQSH Davlat kotibi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, transport-logistika o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, mintaqada tinchlik va farovonlikka ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarning ahamiyatini ta’kidlagan. U ekologik o‘zgarishlar oqibatlarini yumshatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratgan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa 2023 yil 19 sentyabrda bo‘lib o‘tgan C5+1 davlat rahbarlarining birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni, shuningdek, Nyu-York deklaratsiyasini samarali amalga oshirishga sodiqligini bildirib, mineral resurslar bo‘yicha C5+1 muloqotining; AQSH va Markaziy Osiyo biznes hamkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birinchi B5+1 forumi va nogironlik huquqlari bo‘yicha C5+1 maxsus sessiyasi o‘tkazilayotganini olqishladi.
Ishtirokchilar terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, transmilliy va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish hamda radikallashuvga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirish va muvofiqlashtirish zarurligiga kelishib olgan.
2025 yilda ishtirokchi mamlakatlar C5+1 formati doirasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning o‘n yilligini nishonlaydi. Shu munosabat bilan tomonlar mintaqa mamlakatlari va AQSHning global masalalarga mintaqaviy yechimlarni izlashni davom ettirish, shuningdek, C5+1 diplomatik platformasi doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish istagini olqishlagan.
Ma’lumot uchun, C5+1 formati aslida 2015 yilda tashkil etilgan. O‘shandan beri o‘tgan yili 19 sentyabrda birinchi marta davlat rahbarlari ishtirokida sammit o‘tkazildi. Tadbirda AQSH Prezidenti Jozef Bayden, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13-15 mart kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH hukumatlari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida B5+1 forumi bo‘lib o‘tgan. Unda qatnashgan AQSH Prezidentining maxsus yordamchisi, Milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Nikolas Berliner Qo‘shma Shtatlar mintaqa bilan savdo hajmini va u yerga sarmoya oqimini oshirishga tayyor ekanini aytgan.
LiveBarchasi