“Bizni qul qilib sotganmisiz”, deb shikoyat qilgan 41 o‘zbekistonlik haqida ma’lumot berildi
Jamiyat
−
26 iyul 2021
15033Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar?” sarlavhasi ostida e’lon qilingan videomurojaat keng muhokamalarga sabab bo‘layotgani haqida xabar bergandik.
O‘sha murojaatda aytilishicha, 41 nafar O‘zbekiston fuqarosi Tashqi mehnat migratsiyasi agenligi Andijon filiali orqali Rossiya Federatsiyasiga ishga jo‘natilgan, biroq u yerda yetarli shart-sharoit yaratilmagan, va’da qilingan maosh to‘lanmagan.
Yuqoridagi holat yuzasidan bugun, 26 iyul kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, agentlik va Rossiya Federatsiyasining “Yujniy” agrokombinati o‘rtasida qishloq xo‘jaligida ishlash uchun 400 nafar fuqaroni tanlov asosida ushbu korxonaga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
“Kelishuvda 33 ming rubldan 50 ming rublgacha (400-660 dollar) oylik maoshi ko‘zda tutilgan bo‘lib, fuqarolarning yo‘lkira, hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlari keyinchalik ularning ish haqidan ushlab qolish sharti bilan korxona hisobidan to‘lab berilishi, agar bir yil davomida ishlasa, korxona tomonidan qoplanishi belgilangan”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Andijon viloyati filiali tomonidan ushbu korxonaning ishonchli vakili ishtirokida 2021 yilning 16 iyun kuni o‘tkazilgan tanlovda saralangan fuqarolarning 63 nafari joriy yilning 23 iyun, 22 nafari 29 iyun, 16 nafari 4 iyul, 42 nafari 5 iyul kunlari Cherkessk shahridagi “Yujniy” agrokombinatida ishlash uchun jo‘nab ketgan.
Xabarga ko‘ra, korxonaga yetib borgan o‘zbekistonliklarning yashash va mehnat sharoitlari hamda pasportlarining ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgani yuzasidan qilgan murojaatiga asosan vaziyatni o‘rganish maqsadida joriy yilning 14-16 iyul kunlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ishchi guruhining ushbu korxonaga xizmat safari tashkil etilgan.
“Ishchi guruhi tomonidan o‘rganishlar va ish beruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolarning yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv dalolatnomasi rasmiylashtirildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video murojaat ushbu korxonada ishlovchi O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘zaro suhbat jarayonida bir soatga to‘lanadigan ish haqini bir kunga beriladi, deb noto‘g‘ri tushunish oqibatida joriy yilning 15 iyul kuni, ya’ni ushbu fuqarolar ish boshlagan birinchi kuni yozib olingan.
LiveBarchasi