“Bizni ham kuchli hayajonda ushlab turdingiz”. Prezident chempion shaxmatchilarni tabrikladi
Sport
−
17:06 1187 3 daqiqa
Bugun, 29 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etgan shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Uchrashuvda davlat rahbari shaxmatchilarni tarixiy g‘alaba bilan yana bir bor tabriklagan.
“Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun O‘zbekiston xalqiga muborak bo‘lsin!” deydi Prezident.
Samarqanddagi Olimpiada oddiy sport musobaqasi bo‘lmagani ta’kidlangan. Unda 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar jam bo‘lgan.
“Shunday ulkan raqobat ichida O‘zbekiston bayrog‘ini eng balandga ko‘tarish bu haqiqiy jasorat, katta aql-zakovat va mustahkam iroda namunasidir”, deydi davlat rahbari.
Bildirilishicha, Olimpiadani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon kelgan, hududlardagi fan-zonalarda qariyb 500 ming muxlis, teleekran va internet orqali esa millionlab o‘zbekistonliklar o‘yinlarni kuzatgan.
Prezident o‘zi ham hal qiluvchi partiyalarni katta qiziqish bilan ko‘rganini aytgan:
“Ba’zi partiyalarda sizlar nafaqat raqiblaringizni, balki bizni ham kuchli hayajonda ushlab turdingiz”.
Davlat rahbari amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston terma jamoasi bilan uchrashuvga alohida to‘xtalgan. Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Saringa qarshi partiyasida vaziyat bir payt juda og‘irlashganini eslagan.
“Lekin sen oxirigacha mardona kurashding. Nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlaring vaziyatni butunlay o‘zgartirdi va jamoamizga hal qiluvchi g‘alabani olib keldi”, deydi Prezident.
Hindiston ustidan g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston yakka peshqadamga aylandi. Keyin shaxmatchilar Xitoy jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etib, jahon reytingi yetakchisi va olti karra Olimpiada chempioni bo‘lgan AQSH terma jamoasidan ham ustun keldi.
Prezident Nodirbek Abdusattorov butun musobaqani mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritganini e’tirof etgan. Uning amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpildagi g‘alabasi ham alohida esga olingan:
“Buning o‘zi alohida katta natija!”.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini eslagan.
“Endi oldingda yana bir ulkan marra – jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!” deydi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dehtiarovni qora donalarda mag‘lub etib, jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Mamlakat yetakchisi uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidlagan.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shgan. Xususan, u amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
“Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor”, dedi Prezident.
O‘zbekiston yetakchisi shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirgan.
Live
Barchasi