Biz Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish tarafdorimiz – Rubio
Olam
−
20:57 1302 2 daqiqa
Hozirgi AQSH ma’muriyati Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish tarafdori. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bugun, 19 oktyabr kuni Registon maydonida jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
Suhbatda undan sovuq urush davridan qolgan o‘n yillik cheklov — Jekson-Venik tuzatishi hali ham o‘z kuchida qolayotgani va nima uchun u hanuzgacha bekor qilinmagani so‘ralgan.
“Bilasizmi, buni Kongressdan so‘rash kerak. Biz uni bekor qilish tarafdorimiz. Kongressda ham uni bekor qilish tarafdori bo‘lgan ko‘plab vakillar ovozlar bor”, deydi Rubio.
Rubioning aytishicha, Senatdagi lavozimga tasdiqlash bo‘yicha eshituvlarda ham unga shu savol berilgan va u tuzatishni bekor qilish tarafdori ekanini aytgan.
“Ma’muriyat ham buning amalga oshirilishini so‘ragan. Kongress shunchaki bunga hali qo‘li ulgurmadi, lekin ular buni amalga oshirishadi, deb umid qilamiz”, deydi Marko Rubio.
Ma’lumot uchun, Jekson-Venik tuzatishi — 1974 yilda AQSHning Savdo to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan bo‘lib, asosan bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan hamda fuqarolarining emmigratsiya qilish (mamlakatni tark etish) va boshqa inson huquqlarini cheklaydigan davlatlarga nisbatan qo‘llaniladigan cheklovchi modda. AQSH kongressmenlari Genri Jekson va Charlz Venik tomonidan taklif etilgan ushbu tuzatish dastlab Sovuq urush davrida SSSR va uning ittifoqchilaridan yahudiylar hamda boshqa ozchilik guruhlarning erkin chiqib ketishiga ruxsat berish uchun bosim o‘tkazish mexanizmi sifatida qabul qilingan. Unga ko‘ra, ushbu cheklov ostiga tushgan mamlakatlarga AQSH tomonidan “eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi” (savdodagi teng huquqlilik va past bojxona tariflari) doimiy ravishda berilmaydi, shuningdek, davlat kreditlari va kredit kafolatlaridan foydalanish cheklanadi.
Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng bu tuzatish avtomatik ravishda sobiq ittifoq tarkibidagi mustaqil davlatlarga, jumladan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham o‘tgan. Oqibatda garchi ushbu davlatlar erkin emigratsiyaga qo‘yilgan talablarni to‘liq bajarib kelayotgan bo‘lsa-da, AQSH Prezidenti har yili Kongressga alohida xabarnoma yuborib, cheklovlarni vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘ladi. So‘nggi yillarda, ayniqsa “C5+1” va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishi fonida, AQSH ma’muriyati va bir qator kongressmenlar ushbu eskirgan va Sovuq urushdan qolgan byurokratik to‘siqni O‘zbekiston va boshqa hamkor davlatlarga nisbatan batamom bekor qilish taklifini ilgari surmoqda.
Live
Barchasi