“Biz uni ushladik”. Tramp Kirkning qotili haqida bayonot berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining ashaddiy tarafdori Charli Kirk qotilligi bo‘yicha gumonlanuvchi qo‘lga olingani va uni kim ushlashga yordam berganini aytdi. Bu haqda u bugun, 12 sentyabr kuni “Fox News” efirida ma’lum qildi.

“Juda katta ishonch bilan aytishim mumkinki, biz uni qo‘lga oldik”, deydi Tramp.

Shuningdek, vaziyatdan xabardor bo‘lgan yana to‘rt manba erkakning hibsda ekani va uning so‘roq qilinayotganini tasdiqlagan.

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchini “unga juda yaqin bo‘lgan odam” fosh qilgan. Tramp, shuningdek, Charli Kirk qotili o‘lim jazosiga hukm qilinishiga umid bildirgan.

AQSH Prezidenti, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Yuta vodiysi universiteti kampusida Kirkka qarata o‘q uzilgan videolar tarqatilgach, Kirkning o‘limi aks etgan videoyozuvni ko‘rmaganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq taniqli amerikalik konservativ bloger va Donald Trampning ashaddiy tarafdori Charli Kirk Yuta shtatida chiqishi vaqtida otib o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi. Tramp shaxsan uning o‘limini e’lon qilgan va Kirk vafotidan keyin bayroqlarni tushirishni buyurgandi.

Shuningdek, AQSH Federal qidiruv byurosi gumonlanuvchining suratini e’lon qilib, uni tutishga yordam beradigan ma’lumot uchun 100 ming dollar mukofot puli e’lon qildi.

Charli Kirk kim edi?

31 yoshli Charli Kirk AQSHdagi eng mashhur konservativ faollardan biri edi. U 2012 yilda, 18 yoshida, biznesmen Bill Montgomeri bilan birga Turning Point USA tashkilotiga asos soldi. Bu nodavlat tuzilma talabalar orasida erkin bozor, cheklangan hukumat va “an’anaviy qadriyatlar”ni targ‘ib qiladi. Bugungi kunda Turning Point USA’ning 850 dan ortiq universitetlarda bo‘limlari mavjud.

Kirk mamlakat bo‘ylab universitetlarda ochiq debatlar o‘tkazar, podkastlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol edi. U Trampning saylov kampaniyasida yoshlarni safarbar qilishda muhim rol o‘ynagan, ayniqsa, Arizonada ko‘p minglab yangi saylovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashgan. Bu esa Trampning shtatdagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan. Kirk Trampning inauguratsiyasiga taklif qilingan va doimiy ravishda Oq uy tadbirlarida ishtirok etgan. Tramp uni yoshlar orasidagi mashhurligi uchun muhim shaxs sifatida tilga olgan.

Ma’lumot uchun, Kirkning ayoli va ikki farzandi bor edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Charli Kirk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing