“Biz sizga raqib emasmiz”. Hukumat bloklagan sayt rahbari Prezidentga murojaat qildi
Olam
−
13 yanvar 2022
17186Qozog‘istonda Giperborey YouTube kanali muallifi Vadim Boreyko va “Orda.kz” nashri bosh muharriri Gulnar Bajkenova Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga “Orda.kz” saytini blokdan chiqarishni so‘rab murojaat qildi.
“Orda.kz” saytini blokdan chiqaring. Sizga va sizning yaqinlaringizga yoqmaydigan ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Mitinglarga bizni sababchi qilib ko‘rsatishlari mumkin. Biz qandaydir ma’lumot tarqatganimiz uchun mitinglar sodir bo‘ldi, deb o‘ylashlari ham mumkin. Lekin bunday emas. Jurnalist — bu yangilik tarqatuvchi. U sinoptikka o‘xshaydi. Agar meteorolog qor yog‘adi desa, u shuni yetkazadi. Siz hech narsani o‘zgartira olmaysiz. Biz o‘z ishimizni haqqoniy bajardik. Hozir ham, keyin ham shunday qilamiz. Biz sizni, sizning qandaydir harakatingizni tanqid qilamiz. Bu esa biz sizning raqibingiz degani emas. Biz qonunga qarshi hech narsa qilmaymiz”, degan Boreyko va Bajkenova To‘qayevga murojaatida.
Boreyko, shuningdek, To‘qayevga u nihoyat haqiqiy Prezident bo‘lganini, buni tan olishini qo‘shimcha qilib o‘tgan.
Ma’lumot o‘rnida, mamlakatda gaz narxi oshishiga qarshi bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari fonida KazTAG axborot agentligi va “Orda.kz” axborot resursi saytlari bloklangandi. Bajkenova avvaliga sayt ishdan chiqa boshlaganini, shundan so‘ng asta-sekin sayt butunlay yuklanishni to‘xtatganini ma’lum qilgandi.
Namoyishlar avjiga chiqqanda Bajkenova ijtimoiy tarmoq orqali Prezidentga va Hukumatga murojaat qilib, axborot sohasida hammaga teng munosabatda bo‘lish kerakligini, Hukumat idoralari o‘zi vaqtida kerakli axborotni berishga mas’ul ekanini aytgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Orda.kz nashrida Elboshi Nazarboyevning oila a’zolari bilan mamlakatni tark etgani, Nazarboyevning jiyani, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abish hibsga olingani e’lon qilindi. Keyinroq nashr bu ma’lumotlar tekshirilmay e’lon qilingani va haqiqatdan yiroq ekanini aytib, uzr so‘rab chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Qozog‘iston hukumatini ommaviy norozilik namoyishlarini yoritgani uchun hibsga olingan jurnalist va faollarni ozod qilishga va ularning huquqlari hurmat qilinishini ta’minlashga chaqirgandi.
LiveBarchasi