“Biz ta’limdan Islomni sug‘urib oldik”. Toshqulov vazir bo‘lsa, Islomni ta’limga qaytaradimi?

Tahlil

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga Abduqodir Toshqulov tayinlanishi kutilyapti. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zolari Toshqulov nomzodini tasdiqladi. 

Monarxiyalardan tortib, zamonaviy davlatchilikda ham yuqori lavozimlarni egallab kelayotgan kishilarning lavozimga qanchalik loyiqligi nafaqat ularning bilimi, orttirgan tajribasi, balki shaxsi bilan o‘lchanadi? U lavozimda ilm nuqtai nazaridan emas, shaxs sifatida, ma’nan qanchalik loyiq? Ruscha qilib aytganda, “dostupniy” bo‘lish boshqa, “dostoyniy” bo‘lish boshqa. Xo‘sh, Toshqulov bu lavozimga qanchalik “dostoyniy”? Uning shaxsi, dunyoqarashi bizga qanchalik tanish? 

Agar Termiz davlat universitetining rahbariyati bo‘limidagi ma’lumotlar bilan cheklanadigan bo‘lsak, Toshqulov – yetarli darajada yopiq va o‘zi haqida ma’lumotlar “maksimum” yopiq qutida qolishini istaydiganlardan jamiyatining sodiq a’zosi. Boisi, aynan u haqidagi ma’lumotlar sahifasida uning ism-familiyasi, otasining ismi va lavozimi haqidagi ma’lumotlar keltirilgan, xolos. Talabalar yoki bu universitet rektorining faoliyatdagi tajribasi, jumladan shaxsiga oid ma’lumotlar olish imkoni mavjud emas. 

Endi unga oid xalq orasida allaqachon tarqalgan va shaxsiga oid birlamchi portretni gavdalantiradigan boshqa ma’lumotlarga nazar tashlasak. Xo‘sh, Toshqulov haqida gap ochilsa, ko‘z o‘ngimizga kim keladi? 

Toshqulovning senatorlik faoliyatida qaynoq chiqish bo‘lganini eslolmaymiz. Biroq, rektor o‘laroq uning “Xalqaro press-klub” sessiyalaridan birida ta’limda Islom dinining o‘rni yo‘qligi haqida aytgan gaplari bir muncha vaqt diqqat markazida turgan edi va bu bugun shu mavzuda o‘rtaga chiqayotgan masala asosiy muhokamalarga debocha bo‘lgandi. Jumladan, u shunday degan edi: 

“Biz 100 yil davomida oliy ta’limdan ham, ta’limdan ham Islomni sug‘urib oldik. Islom ma’naviyatini sug‘urib oldik. Harom bilan halol, to‘g‘ri yashashni sug‘urib oldik. Biz yoshlarga Gyoteni o‘rgatdik. Lekin, janob payg‘ambarimiz (s.a.v.) dan hadis keltirishga cho‘chidik”, degan edi Toshqulov.

To‘xtang! Bu gap nega bizni hayratlantirdi? Sababi oddiy: yuqorida aytilganidek, bugun qaynayotgan qozonga Toshqulov ancha avval o‘t qalagandi. Ancha vaqt mum tishlangan mavzu haqida yurak yutib og‘iz ochgan Toshqulov, ta’limdagi korrupsiyaning diniy jihatlari haqida miq etmay kelinganiga ham to‘xtalgandi.  

“Biz Islom ma’rifatini faqat imom gapirsin, dedik. Dunyoviy bilim olganlar dindan gapirsa, unga boshqacha qaradik. Nima bo‘ldi? Korrupsiya haqida gapiradigan bo‘lsak, oliy ta’limda nafaqat korrupsiyaga yo‘l qo‘yildi, balki kelajak avlodga korrupsiya o‘rgatildi”, degan edi Toshqulov.

Deputatlar tomonidan tasdiqlangan vazirlikka nomzod chiroyli binolar shunchaki bezak ekanini aytib, ajdodlarni misol qilib keltirgandi.

“Mana hozir yangi binolar ko‘rsatildi. Lekin, men kechirim so‘rayman, bizning ajdodlarimiz madrasalarning yarmigacha tuz chiqib yotgan joyda 9 yoshigacha Qur’oni Karimni yod olgan. Agar chiroyli binolardan allomalar chiqadigan bo‘lganda, bilasizmi, hozir qancha Termiziylar, qancha Buxoriylar chiqardi?”, degandi u.

Shuningdek, Abduqodir Toshqulov oliy ta’limdagi adolatsizliklarni tanish-bilishchilik va ta’magirlik bilan bog‘lagandi.

“Talaba birinchi bosqichda keladi, birinchi semestrni zavq-shavq bilan o‘qib tugatadi. Adolatsizlikni ko‘radi-da, keyin yetti semestr o‘qimaydi. Nima uchun adolatsizlik? Hammayoq tanish-bilish, ta’magirlik”, degandi Toshqulov. 

Yuqoridagilardan kelib chiqsak, Toshqulovdan ta’limda juda ko‘p o‘zgarishlar qilishini kutishimiz mumkin. Birinchi qadam korrupsiyaga qarshi bosilsa, Toshqulov o‘zi aytganlariga o‘zi amal qilsa, ajabmas. Zotan, undan kutilayotgani ham shu. Aniq aytish kerak, o‘tgan bir yil ichida, Prezident bergan muddatdan keyin deyarli hech narsa o‘zgarmadi, o‘zgartira olishmadi. Xo‘sh, bu qaysi muddat edi? 

Esingizda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 20 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida ishtirok etib, oliy ta’lim sohasidagi korrupsiya haqida so‘z ochgandi.

Bunda davlat rahbari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sobiq rektori Bahodir Xodiyevni misol sifatida keltirgan:

“Eslasam, kayfiyatim buziladi. Xodiyev degan vallomatni ishdan oldim. Yangi rektorimiz oddiy attestatsiya o‘tkazdi. 65 foiz domla o‘tmadi. 35 emas, 65 foiz. Hamma narsa poraxo‘rlik. Bechoralar qanday o‘qigan, tasavvur qilib bo‘lmaydi. Domlalar hammasi “doktor nauk”, indamasang akademik bo‘lib oladi”.

Shuningdek, davlat rahbari Oliy ta’lim vaziri Inom Majidovni ham kechira olmasligini aytgandi. 

“Kecha televizorda Majidovning gapini eshitdim: “meni kechiring”. Qonun bilan javob berishi kerak. Kechirim bilan bo‘lmaydi. Endi kechirolmaymiz. Negaki odamlar bizni kechirmaydi”, degan edi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

699

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing