Biz hech qachon yadro quroli ishlab chiqishga intilmaganmiz – Pezeshkiyon
Olam
−
14 noyabr
2450Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Tehron hech qachon yadro qurolini ishlab chiqishga intilmasligini bildirdi. Bu haqda u Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Oliy rahbarning fatvosi asosida biz hech qachon va hech qanday yo‘l bilan yadro qurolini yaratishga harakat qilmadik va qilmaymiz, hech kimga bu siyosatdan chetga chiqishga ruxsat berilmaydi”, degan Prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron har doim yadro dasturining tinch maqsadlar uchun ekanligini isbotlashga tayyor. U, shuningdek, agentlik bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini va mamlakatlarning tinch yadro faoliyati bilan bog‘liq barcha shubhalarni o‘rinsiz ekanini eslatdi.
“Biz o‘zaro hamkorlik qilish va yaqinlashishga doimo tayyormiz”, deya qo‘shimcha qildi Eron Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Eronning yadro dasturi bo‘yicha kelishuvlarni buzmoqda.
“Xalqaro atom energiyasi agentligi hisobotlariga ko‘ra, biz o‘zimizning barcha majburiyatlarimizni bajarib kelmoqdamiz, ammo aynan AQSH 2018 yilda bu kelishuvdan bir tomonlama chiqib, bu jarayonning davom etishini cheklab qo‘ydi”, degan Pezeshkiyon.
Ma’lumot uchun, 2003 yildan beri Eronning oliy diniy rahbari tomonidan yadro qurolini ishlab chiqarish taqiqlangan fatvo chiqarilgan. Eron siyosatchilari buni o‘zlarining milliy yadro dasturining tinchlik maqsadlari borligiga ishonch hosil qilish uchun asos sifatida keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) a’zolari barcha tomonlarni Eron yadroviy dasturi bo‘yicha qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi qoidalarini amalga oshirishga qaytishga chaqirgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi