Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga soliq imtiyozi beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorga yosh mutaxassis uchun daromad va ijtimoiy soliq bir yil ichida 1 foiz etib belgilanadi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida e’lon qildi.

Shuningdek, bugungi kunda ijtimoiy reyestrga kirmagan, biroq ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmatni o‘tab qaytgan, mehnat migratsiyasidan qaytgan, jazoni o‘tab chiqqan hamda nogironligi bo‘lgan yana 1 million nafar yosh borligi ta’kidlangan. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etiladi.

Mazkur paket doirasida “ustoz–talaba” dasturi asosida uyushmagan yoshlarni o‘qitib, ularning oliygohlarga kirishiga ko‘maklashgan talabalarga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball beriladi hamda davlat stipendiyalarini olishda ustuvorlik yaratiladi.

Prezident savdo, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalarida o‘z brendini yaratgan yosh tadbirkorlarni tengdoshlariga biznes yuritishni o‘rgatishga chaqirgan. Shu maqsadda “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi ishga tushiriladi.

Dastur doirasida faoliyatini kengaytirayotgan yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda yer uchastkalari va kreditlar ajratiladi. Mahalliy brendlar franshizasini oladigan yigit-qizlarga esa Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi hisobidan 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.

Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kasb o‘rganuvchi yoshlar uchun foizsiz ssuda shaklida “kasb vaucheri” berilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing