Bishkekda “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘l kompaniyasi ochildi
Jamiyat
−
30 Sentabr
2809Qirg‘izistonning Bishkek shahrida “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘llari kompaniyasi” MCHJ ochildi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ochilish marosimida qatnashgan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov o‘z nutqida Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasini Xitoy tashkil topganining 75 yilligi bilan tabriklab, temiryo‘lning butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ahamiyatini alohida ta’kidladi.
"Biz ushbu loyihani yuqori baholaymiz va uni asr qurilishi deb ataymiz. Bu Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi", deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning amalga oshirilishi butun mintaqada, xususan, Qirg‘iziston, Xitoy va O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Vazirlar Mahkamasi rahbari buyuk siyosatchi Den Syaopiinning quyidagi so‘zlarini ham esladi: “Ipak yo‘li bo‘ladimi, temiryo‘l bo‘ladimi, mamlakatlarimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shsa, bu yaxshi yo‘ldir.”
Japarov Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi Buyuk ipak yo‘lining bir qismiga aylanishiga ishonch bildirdi.
"Ushbu tarixiy voqeaga erishish uchun katta va samarali ishlar amalga oshirildi. Ammo shuni ta’kidlash joizki, bu loyihani to‘liq amalga oshirishning faqat birinchi bosqichidir. Shu bilan birga, Xitoy va O‘zbekistondagi hamkasblarimizning boy tajribasiga tayanib, ishonch bilan aytishimiz mumkinki, biz bu ishni sifatli va o‘z vaqtida yakunlaymiz", dedi Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov.
“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘llari kompaniyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ochilishida Xitoy Xalq Respublikasining Qirg‘izistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Du Deven, XXR Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasining Xorijiy kapitaldan foydalanish va xorijda investitsiyalar bilan ta’minlash departamenti direktori o‘rinbosari, XXR delegatsiyasi rahbari Chjan Szyanxua, O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov va China Railway International bosh direktori Chjou Sin ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining tegishli qarori bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi “O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasiga “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘l loyihasi kompaniyasining ustav kapitalidagi O‘zbekiston ulushini moliyalashtirish uchun 255 million dollar miqdorida kredit ajratishi belgilangandi. Ushbu mablag‘ning 14 millioni joriy yil oxirigacha ajratilishi rejalashtirilgan. Kreditlar yillik 5 foiz stavka bilan 15 yil muddatga, jumladan, 7 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. 6 iyun kuni imzolangan kelishuv shartlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning loyiha kompaniyasidagi ulushi 24,5 foizdan, 51 foizi esa Xitoyga tegishli bo‘ladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha kompaniyasining umumiy ustav kapitali 1,040 mlrd dollarni tashkil qiladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr