Birinchi Prezidentning nabirasiga suiqasd qilindi
Olam
−
23 yanvar 2020
103799Bugun, 22 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning nabirasi Oysulton Nazarboyevning Facebook’dagi sahifasida g‘alati postlar paydo bo‘la boshladi. Ularda uni o‘ldirmoqchi bo‘lishayotgani yozilgan.
Kichik Nazarboyevning yozishicha, u ayni vaqtda Londondagi shifoxonalardan birida qolmoqda. U bungacha qamoqda o‘tirib chiqqan va oila a’zolari bilan o‘zaro kelishmovchiliklar mavjud. Bunga to‘xtalarkan, “o‘ylashimcha, bobom sizga barcha narsani aytib bera oladi!”, deb yozadi u.
“Tez orada ular meni yoki o‘ldirishadi, yoki jinni deb isbot qilib berishadi va yoki otam kabi meni qamoqda osishadi!”, deydi Oysulton.
Sobiq Prezidentning nabirasi Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II’dan Nursulton Nazarboyevga qo‘ng‘iroq qilishini va vaziyatga “qo‘rqqanligi uchun” aralashmaganini aytishini so‘ragan. Shuningdek, u barchani “Xudodan uzoq mamlakatda yashashni xohlaymizmi”, degan savol atrofida mushohada qilishga chaqirgan.
Oysulton Nazarboyev o‘tgan yil o‘rtarida matbuot e’tiboriga tushgan edi. Erka nabira 2019 yilning iyul oyida Londonda o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ladi. Uning o‘z joniga qasd qilayotganini payqagan va oldini olmoqchi bo‘lgan politsiya xodimini kichik Nazarboyev tishlab oladi va jarohat yetkazadi. Shundan so‘ng, unga bir yil shartli ravishda hukm o‘qildi. U 140 soatlik jamoat ishlariga jalb etildi, bir necha ming funt sterling miqdorida jarimaga tortildi, shuningdek, giyohvandlikdan davolanishi uchun narkolog bilan kamida 20 ta mashg‘ulotda qatnashishga yo‘naltirildi.
Oysultonning onasi – Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi, ayni vaqtda mamlakat Parlamenti raisi Darig‘a Nazarboyeva. U allaqachon turmush o‘rtog‘i Rohat Aliyev bilan ajrashgan. Aslida barcha voqealarning debochasi shu. Ular 2008 yilda ajrashishgan. Kuyov bo‘lmish Aliyev 2015 yilda Avstriya qamoqxonasida o‘lik holda topilgan. O‘shanda u “Nurbank”ning ikki nafar top-menejerini o‘ldirganlikda ayblangan. Qozog‘istonda unga hokimiyatni egallab olishga zimdan tayyorgarlik ko‘rish, jinoiy guruhga rahbarlik qilish kabi ayblovlar qo‘yilgan va sirtdan 40 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Qozog‘iston Avstriyaga uning ekstraditsiyasi haqida ikki marta so‘rov yuborgan, ammo rad javobini olgan edi.
Sobiq sovet mamlakatlarining Birinchi Prezidentlari oila a’zolari, nabiralari orasida tilga tushgan ikkinchi shaxs Oysulton Nazarboyev bo‘ldi. Bundan avval O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov BBC va boshqa ko‘plab ommaviy axborot vositalariga intervyu bergan, ijtimoiy tarmoqlar orqali oila sirlarini tashqariga olib chiqqan, opa-singillar Gulnora va Lola munosabatlarini tahlil qilgan va ular orasidan olamushuk o‘tishida bobosini ayblagan edi.
LiveBarchasi