Birinchi maqola: Biz maymun bo‘lishdan charchadik

Tahlil

image
0:00
0:00
download

Birinchi marta hayvonot bog‘iga borganimni eslayman. Bog‘ hovlisida bir amaki ikkita maymun bolachalarini ko‘tarib turibdi. Daraxtga ilib qo‘yilgan qog‘ozda maymun bilan rasmga tushish pullik ekani yozilgandi. Muhimi ixtiyoriy. Hozir tekinga rasmga tushayotgan majbur “maymunlar” ham talaygina... Haligi amakiga o‘xshaganlar ham...

 

  1. 2323
  2. 123123 123
  3. 213123

O‘qituvchi keyingi darsda avtobus kelishi, “patok” 100% Toshkent fotosuratlar uyiga borishimizni alohida ta’kidladi. Kim bormasa, “nb” qo‘yiladi. Semestr oxirida yaxshi baho ololmaydi. O‘sha kun keldi. 90% talaba domlaning davomatidan keyin qurutday sanab, avtobusga chiqarildi, manzilga yetib keldik. Nomiga o‘tgan 10 daqiqalik ekskursiyadan so‘ng, umumiy rasmga tushdik. Ana, undan keyin hammaning ixtiyori o‘ziga berildi. Xohlagan qolib, tomosha qilsin. Xohlaganlar ketaversin. Sezildiki, maqsad rasmdan iborat ekan.

  • Bir kuni yotoqxonaga izma-iz oltita o‘qituvchi kirib keldi. Bilsak, universitetning psixologlari ekan. Hamma yig‘ilsin, trening o‘tib beramiz,
  • deyishdi. Talaba qizlarni yig‘ishgacha ko‘p vaqt o‘tdi.  O‘quv zaliga yig‘ilgach, navbatma-navbat kichik-kichik psixologik ma’ruzalar boshlandi. 
  • Ma’ruzachilarning ko‘zi nuqul bir talabaga ishora qiladi: “Bu tarafdan ol”, “U tarafdan ol”. Chaqqon talaba olti ma’ruzachini shaqillatib
  • rasmga oldi. Oltinchidan keyin ish bitdi, trening umumiy mazmuni tugamagan bo‘lsa ham, suhbatga o‘sha yerda nuqta qo‘yildi. (Ularniyam ro‘zg‘ori
  • bor, soat kech yetti bo‘ldi, ishdan chiqib, kirib o‘tishgan, rasm tushishsa bo‘ldi ekan.)
  •  

    Yana ayni mazmundagi  gaplarning  son  mingtasi  quloqqa chalingan. Bir kuni ingliz tili o‘qituvchisi aytib qoldi:
     
    — “Terrorizmga qarshi kurash” mavzusida tadbir o‘tkazishim kerak, biror kun hammani birga rasmga  olsak, hujjatga tikib qo‘yishga bo‘lar-a?
    — Siz terrorizm bo‘yicha mutaxassis yoki ma’naviyatchi emassiz-ku?
    — Ish rejada bor-da, bajarishim kerak. Rasmlari bilan topshirishim kerak.
    —Rasm nega kerak?
    — Iya, rasmi bo‘lmasa komissiya ishonmaydi.
    — Tadbirning o‘zi bo‘lmasayam, rasmi bo‘lishi kerakmi?
    —Ha-a-a, albatta. Bizning yuklama shunaqada, ball beradi. Ish “plan”imda har bir ishim hisob-kitob qilinadi...
     
    ***
     
    Tanish-bilish, maktab, kollej va OTMda ishlaganlardan surishtirdim. Ilk rasmbozlik an’analari respublikaga bundan  qariyb 15 yil avval kirib kelgan. U avval maktab va kollej o‘quvchilari bilan o‘tkaziladigan tadbirlarni tuman hokimiyati va RayONOga yetkazishning amaliy uslubi sifatida qo‘llanilgan. Bora-bora har bir ish, har bir o‘zgarish isbot talab qila boshlagan. Maktab direktorlari u majlisdan bu majlisga haftaning har chorshanba kunlari qo‘llarida konvert bilan, qilingan ishlar hisobotini suratlarda aks ettirib majlislarga borishni odat qilishgan. Suratlar ko‘rgazmasiga bo‘lgan qiziqish shu qadar avj olganki, endi har shanbalik, har bir tadbir, hatto, qishda chakki o‘tganidan tortib, yozda o‘sha yerning durust ta’mirlangani ham suratga tushirilishi og‘zaki ravishda majburiy etib belgilangan.
     
    Maktablarda boshlangan harakatlar, keyinchalik respublikaning barcha ta’lim muassalari tomonidan faol davom ettirilib, eng yuqori tashkilotlarda ham yuklatilgan vazifalarning ijrosini  ana shunday ifodalash urfga kirdi. Suratlarda asosan maktab yoki kollejlarda o‘tkazilgan (aksariyat hollarda o‘tkazilmagan) madaniy-ma’rifiy tadbirlar, doimiy o‘tkazilayotgan “to‘garak”,  shanbaliklar yoritib borilgan. Chunki rasmlarning bir qarich tili bor, ular bajarilgan ishlar haqida rahbarlarga aniq-tiniq so‘zlay oladi, degan qarash shakllanib bo‘lgan hozirgacha. Ha hozirgacha, biz amalda qilingan ishlar, ularning natijasi o‘laroq, ba’zan yaxshilab, ba’zan o‘lda-jo‘lda olingan tasvirlarga suyanib qolganmiz.
     
    O‘sha vaqtlarda ta’lim muassasalari rahbarlari maktablarida bo‘lib o‘tgan tadbir yoki shanbalikni suratga tushirtirib, uni qog‘ozga chiqartirib, RayONOdagilarning qo‘liga yetkazish uchun o‘rtacha 15-20 ming so‘mdan pul sarflashgan. Bu an’ana hozir biroz kamchiqim ko‘rinishda davom ettirilayotganiga nima deysiz...
     
    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivoji rasmbozlikning taraqqiyotida ham o‘z ahamiyatini ko‘rsatdi. Ya’ni hozirga kelib rasmlarni chiqarish, ularni bir manzildan ikkinchisiga ko‘tarib borishga hojat qolmadi. Bunga sarflanadigan mablag‘lar endi kamchiqim va qulay internet trafik uchun sarflanyapti. O‘sha-o‘sha mazmundagi tadbirparvarlik maktab, litsey, kollej rahbarlari, hokimlik va RayONO mansabdorlaridan iborat Telegram guruhlarida davom ettirilmoqda. Endi maktab, litsey, kollej rahbarlari kun davomida qilgan ishlarini, yo‘g‘-ey tushgan suratlarini shu guruhga jo‘natadilar. Mansabdorlar esa “xm, yaxshi” degan javob yo‘llasa, olam guliston. Kim zo‘r, falonchi rasmga qoyillatib fotosessiya qilgan maktab rahbari zo‘r. Tajribasi, ilmi bilan nima ishingiz bor? Bolalar bilan munosabatini ham qo‘ya turing. Rasmga chiroyli tushyapti-ku baraka topgur.
     
    Sal qolsa unutay debman, internetni doim yomon deydigan o‘qituvchilarimiz gala-gala bo‘lib Facebook’da o‘tirishibdi. Kulaymi yo o‘laymi? Oyim bir narsani yomonlama, 40 kun o‘tmay yoningga keladi, derdilar. Yonlariga kelgani shu bo‘lsa kerak a?
     
    Yoshlari 60 ni qoralagan qo‘shnimiz maktab direktori bo‘lib ishlashlarini  Facebook’da ko‘rib bildim. Uyga qaytayotib uchrashib qoldik. Gap orasida ijtimoiy tarmoqdagi sahifa o‘zingiznikimi, deb so‘radim. “Ha, yaqinda ochib berishdi. Zamon shuni talab qilayotganmish. Ta’limda yosh-yalang ko‘payib ketdi. Shulardan qolmaylik deb nima deyishsa, xo‘p deb bosh egib turibmiz. Bo‘lmasa Amerikani ko‘rmagan, kompyuterni tushunmagan, yangi zamonning savodsiziga chiqib qolyapmiz. Feysni uncha tushunmadim, telegramni binoyidek ishlatyapman. Sekretarim o‘zi rasmga olib, o‘zi joylab, o‘zi meni nomimdan yozib o‘tiribdi”, deydi opa.
     Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Fecebook, Telegram’da o‘tirgan maktab o‘qituvchilari, tinimsiz suratga tushib, uni rahbariyatga ko‘z-ko‘z qilayotgan “zamonaviy” direktorlar, bog‘cha mudiralari, dekan, prorektor, rektorlar shularning o‘rniga o‘z bilimini yanada oshirish, chin ma’noda samara beradigan ishlarga vaqt ajratsa bo‘lmaydimi? Bo‘ladi, albatta. Lekin bu ularning qo‘lida emas, rasm qani, rasm deb niqtalab turgan aka-opalarning qo‘lida. Shu paytgacha ko‘rib turgan jamiki rasmlar ortida haqiqiy mehnat, amaldagi ish bo‘lganda, natijalarimiz biz reja qilgandan ham a’lo bo‘larmidi har holda.
     
    Ta’lim muassalarida ishlayotgan — xoh u maktab, kollej yoki oliy ta’lim muassasi bo‘lsin, o‘qituvchilar hamisha ortiqcha qog‘ozbozlikdan nolib kelgan. “Ma’rifat” gazetasining 2018 yil 17 yanvar sonida “Muallim qadr topsa, ta’lim-tarbiya yuksaladi” nomli tahliliy maqola chop etilgan. Jurnalist umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘qituvchilaridan o‘z ustida qay darajada ishlayotgani masalasida so‘rovnoma o‘tkazgan. O‘qituvchilarning aksariyati bunga vaqti yo‘q ekanini ta’kidlagan. Respondentlardan biri “O‘qituvchi hujjatlari” sarlavhali tayyorlashi kerak bo‘lgan 23 ta hujjat ro‘yxatini yozib bergan... (Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan yil davomida ularning soni keskin qisqartirilib, hozir asosiy 3 ta hujjat tekshiriladi.)
     
    Shuningdek, oliy ta’lim muassalari o‘qituvchilarining shaxsiy ish rejalarini sinchiklab qarab chiqilganda ayni xususiyatlarga duch kelish mumkin.


    O‘qituvchining shaxsiy ish rejasi to‘rt asosiy punkdan iborat:
    I. O‘quv yuklamasi
    II. O‘quv-uslubiy ishlar
    III. Ilmiy tadqiqot ishlari
    IV. “Ustoz-shogird” ishlari
     
    Qolaversa, ularning har biri bir necha qismga bo‘linadi. Misol uchun, universitet o‘qituvchilarining o‘quv-uslubiy  ishlarinining turlari 10 ta, “Ustoz-shogird” ishlarining turlari 17 tani tashkil etgan.
     
    Hujjatda, “Ustoz-shogird” ishlari 1 hajmda ishlab turgan har bir o‘qituvchi umumiy hisobda 20 ball to‘plashi lozim, deb belgilab qo‘yilgan. Bu ishlarning orasida mana bunday turlari ham mavjud:
     
    “Sport, madaniy-ma’rifiy va ijodiy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish:
    – 1 ball (30 kishigacha bo‘lgan har bir tadbir uchun);
    – 2 ball (60 kishigacha bo‘lgan har bir tadbir uchun);
    – 3 ball (100 kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tadbir uchun);
    (Hammualliflikda o‘tkazilganda jami ballar mualliflarga teng taqsimlanadi).
     
    Tashkil etilgan mazkur tadbirlarda ishtiroki (kamida 14-15 nafar talaba bilan) uchun – 0,5 ball”
     
    Bundan tashqari, “Talaba oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilinganda yangi sharoitga adaptatsiya jarayonini o‘tashga va oliy ta’lim muassasasida bo‘lgan chog‘ida vaqtini to‘g‘ri taqsimlashga yordam berish”, “Talabalarni axborot bilan ta’minlash va intervyu berish” kabi va boshqa qismlari ham bor. Biz buni ustozlarimizning beminnat mehri ifodasi, tajribasini bo‘lishish deb o‘ylardik, qarangki, o‘qituvchining har bir xatti-harakati, aytgan so‘zlarining hisob-kitobi bo‘lsa... 
    Barcha tayyorlangan hujjatlar quyidagi nizomlar asosida tekshirilib, baho beriladi:
     
    O‘qituvchidan so‘rab ko‘rdim:
    — Ustoz, bu-u-uncha hujjat tayyorlash kerak bo‘lsa, darsga qachon tayyorgarlik ko‘rasizlar?
    — Uni ham qilish kerak aslida, tayyorgarlik ko‘rish eng so‘nggi darajada. Chunki hech kim buni tekshirib o‘tirmaydi, qog‘ozlar joyida bo‘lsa bas...
     
    Men bir o‘qituvchini bilaman, dekan o‘rinbosari bo‘lgani uchun darsga yo‘l-yo‘lakay kirib, hujjatlari allaqayoqlarda qolib ketadi. Shundoq kirib kelib, darsni boshlaydi. 40 ta talaba miq etmay tinglaydi, savol bo‘lsa so‘raydi. Qoyil qilib javob beradi, mana  bu haqiqiy dars. O‘qituvchining o‘rgatmoqchi bo‘lganlari xonasida qolgan hujjatlarning ichida qolib ketmagan, miyasida ko‘tarib kelgan, o‘zi bilan birga.
     
    Yana bir o‘qituvchini bilaman, uning darsga kirishidan oldin bitta talaba borib, hujjatlarni yarmini ko‘tarib kelishi kerak. Yarim soatlik davomatdan keyin proyektrda taqdimot namoyon bo‘ladi. Mana haqiqiy dars boshlandi, deb o‘ylasangiz adashasiz, ustoz eng oxirgi partaga borib, uni bizga so‘zma-so‘z o‘qib beradi, biz yozib olamiz. Boshqa sahifaga o‘tamiz, keyin keyingisi... Boshqa darslar, navbatdagi ma’ruzalar ham... Keyingi yillar va kelajak...
     
    To‘g‘rida, ustoz uni tayyorlaganu, o‘qib chiqishga ulgurmagan, bundan boshqa, undan muhim yana mingta ishi  bor axir. Bir-biridan og‘ir “papka” larining soni salgina kamroq bo‘lsa, harna gapirib berarmidi, harna eshitar, ustoz deya e’zozlarmidik...
     
    Mana, endi tushunarli o‘qituvchilarning tadbirparvarligi, qog‘ozsevarligi, “maymun” to‘la rasmlarga o‘chligi va eng achinarlisi o‘qib beriladigan “prezentatsiya”,  ma’ruza o‘rniga hayot saboqlariyu, avtobiografiyalar... Davomat daftaridan uzun ro‘yxatdagi hujjatu rasmlarni yig‘ishga ancha-muncha vaqt ketadi, asab ham, sabr ham kerak. Aytgancha, pul ham, maoshi yetarmikan ro‘zg‘riga, qag‘ozu rasmlari, haligi qalin “papka” larning donasi ham yaxshigina pul turadi.
     
    O‘qituvchining kamroq hujjat tayyorlashining bir necha ijobiy tomonlari bor: hujjatbozlik kamaysa, o‘qituvchi o‘z ustida ko‘proq ishlaydi, kamroq asabiylashadi (Xorij davlatlarining birida bu kasb nihoyatda mas’uliyatli va ma’nan og‘ir  hisoblanib, yigirma yil davomida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan fuqaroning ko‘rsatmasi sudda inobatga olinmaydi). O‘z ustida ko‘p ishlasa, yaxshi va sifatli ta’lim beradi. Sifatli ta’lim uchun talabalar ham minnatdor bo‘ladi, asosiysi, shartnoma pulini og‘rinmasdan, rozi bo‘lib to‘laydi. Xalq OTM deganda to‘rt yillik bordi-keldidan keyin qo‘liga faqatgina diplom beradigan muaassani tushunmasdi. A’lo ta’lim berilishi mamlakatda o‘z ishini, burchini biladigan va aql bilan bajaradigan sifatli kadrlarni yetishtirishda asos bo‘lardi.
     
    ***
     
    Yaqinda umrimda ikkinchi marta hayvonot bog‘iga bordim. Boshqa amaki boshqa maymunlarni ko‘tarib turibdi. Rasm tushish pullik, ixtiyoriy bo‘lsa ham. Shuncha yillar o‘tibdi, amakilar maymunlardan haliyam  rasmga tushish uchun foydalanmoqda. Eng qizig‘i maymun ham faqat rasmga tushishni biladi, amaki ham o‘sha hayotga moslashgan. Biz esa “maymun” bo‘lishdan charchadik.


Maqola muallifi

Teglar

Talim

Baholaganlar

203

Reyting

4.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar