Birinchi xonim turmush o‘rtog‘i, qaynotasi, oilasi va shon-shuhrat haqida

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasining Birinchi xonimi, vitse-prezident Mehribon Aliyeva joriy yilning 26 avgust kuni 55 yoshni qarshiladi. U ommaviy axborot vositalari orqali tavallud kuni munosabati bilan kelgan tabriklarga minnatdorlik bildirish barobarida, oilasi, turmush o‘rtog‘i va farzandlari haqida gapirdi. 

“Avvalo, ushbu kunlarda menga yo‘llangan tabriklar uchun hammaga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Sizning samimiyligingiz va iliqligingiz, qo‘llab-quvvatlashingiz va muhabbatingiz menga chuqur ta’sir qildi. Mening kamtarona mehnatimni qadrlaydigan,  ishonadigan barchadan minnatdorman”, deydi Prezident Ilhom Aliyevning turmush o‘rtog‘i.  

Mehribon Aliyeva 1964 yilda ozarbayjonlik taniqli olim, pedagog, fizika-matematika fanlari doktori, professor Orif Pashayev va Ozarbayjonning birinchi sharqshunoslik fanlari (ayol) doktori, filologiya fanlari doktori, professor Aida Imonguliyeva oilasida dunyoga kelgan.

Ozarbayjon davlat tibbiyot institutining davolash-profilaktika fakultetida tahsil olgan.  Keyinroq, Moskva tibbiyot institutida o‘qishni davom ettirdi. 

1983 yil o‘sha vaqtda SSSR Ministrlar kengashi raisi o‘rinbosari Haydar Aliyevning o‘g‘li Ilhom Aliyevga turmushga chiqdi. 1988 yildan 1992 yilgacha u Moskva ko‘z kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat yuritdi. 

U intervyusida qaynotasi, 1993-2003 yillarda Ozarbayjon Prezidenti bo‘lgan Haydar Aliyev haqida shunday deydi:

“Hayotimning katta qismini zamonaviy Ozarbayjonning buyuk shaxsi Haydar Aliyevning yonida o‘tkazganimdan baxtiyorman. Umrimning oxirigacha men shaxsiyati kosmik kenglikdagi bu insonga cheksiz hurmat, hayrat va muhabbat hissini saqlab qolaman. 

Kuch va g‘ayrat, cheksiz tafakkur, tuganmas iroda, oliy axloq va qadr-qimmat, ulkan vatanparvarlik, tona yurtga va xalqqa muhabbat... Yetib bo‘lmas ideal va hayotimdagi asosiy ustoz edi”.

U o‘z oilasidan kuch olishini quyidagicha ta’riflagan:

“Men va boshqalar uchun oila – har qanday hayotiy vaziyatdan chiqishda ma’no va mazmundir. Bu kuch!”

Odatda Prezidentlarning oilasi, ularning muhabbati OAVga ko‘pincha ma’lum qilinmaydi. Biroq, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Birinchi xonim Mehribon Aliyev o‘rtasidagi muhabbat tillarga tushgan. Aliyeva turmush o‘rtog‘i haqida shunday deydi:

“Turmush o‘rtog‘im, Prezident Ilhom Aliyev 16 yildan beri o‘z xalqiga xizmat qilmoqda. Uning barcha yutuqlari tufayli Ozarbayjon butun dunyoda qudratli, muvaffaqiyatli rivojlanayotgan, hurmatga sazovor bo‘lgan davlatga aylandi. Biz haqli ravishda g‘ururlanadigan mamlakat, mustaqil Ozarbayjon fuqarolari, uning xalqimizga bo‘lgan fidokorona sevgisi va sadoqatiga asoslanadi. Uning asosiy vazifasi har doim va hamma joyda Vatanimiz manfaatlarini himoya qilishdir. 

Ushbu g‘oyat qiyin yo‘lda u nimadan kuch oladi? Shubhasiz,  xalqining qo‘llab-quvvatlashi, ishonchi va muhabbatidan. 

Shuningdek, bizning baxtli shaxsiy hayotimiz, oilamizdagi  muhabbat va o‘zaro hurmat muhiti ham uning faoliyatida o‘zgarmas rol o‘ynashiga ishonaman”. 

Prezident Ilhom Aliyev va Mehribon Aliyevaning uch nafar farzandlari bor. Ular – Leyla, Orzu va Haydar. Mehribon Aliyeva farzandlari bugungacha ota-onasining boshini egmaganidan mamnun. 

“Men farzandlarim bilan faxrlanaman. Birinchidan, ular munosib odamlar bo‘lib yetishdilar. Hech qachon ularning xatti-harakatlari uchun sharmandalik yoki umidsizlikni boshdan kechirmadik. Leyla, Orzu va Haydar o‘zlarining ishlariga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashishlari,  oilaviy an’analarni hurmat qilishlari zamirida aniq axloqiy ko‘rsatmalar va tarbiya bor. Farzandlarim mehribon va g‘amxo‘r odamlar ekanidan xursandman. Men ularga ishonaman, chunki insoniylik va rahm-shafqat va halollik va qadr-qimmat bu hayotning eng yaxshi mukofotidir”.  

Mehribon Aliyeva so‘zida davom etarkan, o‘z faoliyatini odamlarga yordam qo‘lini uzatishdek oliy mukofot yo‘lida qurishi va buning ortidan shon-shuhratga intilmasligini aytadi. 

“Men kamdan-kam intervyu beraman va o‘zim haqimda gapirishni yoqtirmayman. Shunday qilib, mening hayotim shuni ko‘rsatdiki, men jamoat odamiman, lekin men hech e’tibor markazida bo‘lish va shon-shuhratga intilmadim. Agar men natijalarga erisha olsam, agar faoliyatim foydali bo‘lsa, bu mamlakatga va odamlarga xizmat qiladi,  agar men yordamga muhtoj odamga yordam bera olsam, bu men uchun eng oliy mukofotdir”.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Mehribon Alieva

Baholaganlar

477

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing