Bir yilda O‘zbekistonda qancha suv ishlatilishi ochiqlandi

Jamiyat

image

Bugungi kunda O‘zbekistonda foydalaniladigan suvning qariyb 20 foizi respublika hududida shakllanib, qolgan 80 foizi transchegaraviy daryolar – Amudaryo va Sirdaryodan olinadi. Mamlakatda bir yilda o‘rtacha 44-48 milliard kub metr suv ishlatilib, suv resurslarining asosiy qismi yoki 85 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligida sug‘orish maqsadlariga sarflanadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda bugun, 27 sentyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida o‘tkazilgan “Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini keng qo‘llashdagi muammolar va ularning yechimi” mavzuida ochiq darsda ma’lum qilindi.

Soha mutaxassislariga ko‘ra, ayni paytda 3 million 200 ming gektar yerga 46 milliard kub metr suv sarflanib, uning 60 foizi ekinlarga yetib boryapti. Jami 180 ming kilometr sug‘orish tarmoqlarining 23 foizi beton qoplamali bo‘lib, ular ham 30-35 yildan buyon deyarli yangilanmagan. Bu esa suvdan samarali foydalanish, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, ayniqsa, tomchilatib, yomg‘irlatib, tuproq ostidan, egatlarga plyonka to‘shab va ko‘chma egiluvchan plastik quvurlar yordamida sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanishni talab etadi.

Shu maqsadda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda tejamkor texnologiyalarni joriy qilgan dehqon va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Xususan, Davlat rahbarining “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi   va “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Uzumchilikni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi   qarorlariga asosan ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun har bir gektariga 8 million so‘m miqdoridagi subsidiya ajratiladi.

Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 367-moddasiga binoan yer uchastkasining tomchilatib sug‘orishdan foydalanilayotgan qismida 5 yil muddatga yagona yer solig‘i to‘lashdan ozod etilishi belgilangan. Shu va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi mazkur sohani rivojlantirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Biroq suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish hamda dehqon va fermer xo‘jaliklariga suvni yetkazib berish xizmati davlat hisobidan amalga oshirilayotganligi sababli, fermer xo‘jaliklarining suv tejashga bo‘lgan mas’uliyati yetarli darajada emas. Jumladan, bugungi kunda O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning 328 ming gektar yoki umumiy ekin maydonining bor yo‘g‘i 7 foizida tejamkor sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan.

Vaholanki, qishloq xo‘jaligida tejamkor texnologiyalardan eng maqbuli tomchilatib sug‘orish texnologiyasidir. Uning afzalligi shundaki, an’anaviy usulda ishlatadigan suv miqdorining 40-50 foizi tejaladi, mehnat va resurs sarfi 30 foizga kamayadi.

Qolaversa, bu usul o‘g‘itni 37 foizga qisqartirish va hosildorlikni 15-20 sentnerga oshirish, tuproq eroziyasi, yer osti suvi sathi ko‘tarilishi va sho‘rlanishini kamaytirish imkonini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekistonda suv sarfi ma'lum bo'ldi

Baholaganlar

29

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar