Bir yilda 2100 kishi yo‘llarda vafot etdi. Lekin, bu kam

3-sahifa

image

O‘zbekistonda 2025 yilda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida 2 188 kishi vafot etdi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 2024 yilga (2 199 nafar) nisbatan kamaygan. Shuningdek, YTHlar sabab 8 901 kishi turli darajada tan jarohati olgan (2024 yilda – 8 931 nafar).

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab yo‘l-transport hodisalarida yiliga o‘rtacha 1,1 million inson halok bo‘ladi, 30 millionga yaqin kishi esa turli darajada jarohat oladi. Shu bilan birga, halokatlar 29 yoshgacha bo‘lgan shaxslar o‘limiga olib keluvchi asosiy sabablardan biri bo‘lib qolmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 5 yil (2021–2025) davomida YTHlar kamayish dinamikasi saqlanib qolmoqda. Bu aholi va transport vositalari soni oshganiga qaramasdan kuzatilmoqda. Xususan, aholi soni 2021 yildagi 35 271 276 nafardan 2025 yilda 38 232 254 nafarga, transport vositalari esa 3 821 869 tadan 5 532 396 taga oshgan.

Shunga qaramay, o‘tgan 5 yilda YTH oqibatida vafot etganlar soni har 100 ming aholiga nisbatan 6,9 tadan 5,7 taga, har 10 ming transport vositasiga nisbatan esa 6,3 tadan 4 taga kamaygani kuzatilgan.

Ta’lim muassasalari atrofida va mahallalarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida bolalar ishtirokidagi YTHlar 2024 yilga nisbatan 171 taga halok bo‘lgan bolalar soni esa 36 taga kamaygan.

2024 yil yakunlariga ko‘ra, MDH davlatlarida har 100 ming aholiga nisbatan eng kam sodir etilgan YTHlar bo‘yicha O‘zbekiston Ozarbayjondan keyin 2-o‘rinni, o‘lim bilan bog‘liq YTHlar ko‘rsatkichi bo‘yicha esa 1-o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 7 dekabr kuni Jizzax shahrida voyaga yetmagan qizni (maktab o‘quvchisi) mashina urib ketishi oqibatida u shifoxonada vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

yo'l-transport hodisa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar