Bir o‘yinda 4 ta rekord: Messi Ginnessga kirdi

Sport

image
0:00
0:00
download

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi turida Avstriyaga qarshi uchrashuvda (2:0) dubl qayd etib, bir vaqtning o‘zida bir nechta jahon rekordlarini yangiladi. Uning ushbu yutuqlari rasman Ginness rekordlar kitobiga kiritildi. 

Avstriya darvozasiga urilgan ikki gol Messining Jahon chempionatlaridagi umumiy gollari sonini 18 taga yetkazdi. Shu tariqa, u Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Klozega tegishli bo‘lgan 16 gollik rekordni ortda qoldirib, mundiallar tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi.

Shuningdek, Messining Avstriyaga qarshi o‘yini quyidagi rektorlar bo‘yicha uni Ginness rekordlar kitobiga kiritdi:

  • Jahon chempionatlari tarixidagi eng ko‘p gol – 18 ta;
  • Jahon chempionatlaridagi eng ko‘p o‘yin – 28 ta;
  • Jahon chempionatlaridagi eng ko‘p g‘alaba – 18 ta;
  • Jahon chempionatlarida eng ko‘p daqiqa maydonda harakat qilgan futbolchi – 2489 daqiqa.

Messi yana bir qator tarixiy natijalarni ham qayd etdi. U XXI asrda ketma-ket oltita Jahon chempionatida maydonga tushgan ilk futbolchiga aylandi.

Shuningdek, argentinalik yulduzning Jahon chempionatlaridagi gol va golli uzatmalari soni 26 taga yetdi. Bu ko‘rsatkich bilan u Braziliya futboli afsonasi Pelega tegishli bo‘lgan 21 gollik natijani ortda qoldirdi.

Messi, shuningdek, braziliyalik Rivelinoning qariyb 60 yil davomida saqlanib kelgan tarixiy natijalaridan birini ham takrorladi.

Biroq Avstriyaga qarshi uchrashuv u uchun noxush rekord bilan ham yodda qoldi. O‘yinning 9-daqiqasida penaltini aniq amalga oshira olmagan Messi Jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p penaltidan foydalana olmagan futbolchiga aylandi. Bu uning mundiallardagi uchinchi noaniq penaltisi bo‘ldi va mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha yangi antirekord o‘rnatildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Miroslav Kloze Messining tarixiy rekordi haqida fikr bildirib, uni barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi deb atagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing