Bir paytlar Sirdaryo faqat qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan edi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
07 Oktabr 2021
3888Bugun, 7 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrining Yangi hayot mahallasida bo‘ldi. Bu yerda 2019-2020 yillarda 14 ta ko‘p qavatli uy qurilgan. Bugungi kunda yana 7 ta 9 qavatli uy qurilishi boshlangan. Ulardagi 504 ta xonadondan 100 tasi kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli ravishda beriladi. Yoshlar mehnat guzari, stadion, bolalar maydonchalari quriladi.
Prezident yangi mavzeda xizmatlarni ko‘paytirish, tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etib, bu yerda yashovchilarni ish bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
“Kambag‘allikni qisqartirishning eng asosiy omillari boshpana va ish joyidir. Bu maqsadlar uchun katta imkoniyatlar berilyapti. Bu yildan boshlab ipoteka krediti bo‘yicha moliyaviy resurslardan yetishmovchilik va cheklovlar bo‘lmaydi, deb e’lon qilganmiz. Shundan foydalanib, tadbirkorlar ishtirokida ko‘p uylar qurish mumkin”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda Prezident mahalla nuroniylari bilan samimiy muloqot qildi.
“Bir paytlar Sirdaryo viloyati faqat qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan edi. Oxirgi yillarda zamonaviy sanoat kirib kelayapti. Mana shunday uylar qurilayapti. Nima uchun? Odamlarda xarid qobiliyati bor. Endi bu ishlarni to‘xtatmasligimiz kerak. Chunki yoshlarimiz yetishib kelayapti, xalqimizning talabi o‘sib borayapti. Davlatimiz shunga munosib sharoit yaratishi kerak”, deydi Prezident.
Nuroniylar viloyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, yoshlar tarbiyasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
LiveBarchasi