QALAMPIR.UZ’da Ramazon suhbati – insonga qaysi fazilat cheksiz savob olib keladi?

Intervyu

Sabr – mo‘minning yuzidir. Bu fazilat bilan ikki dunyo saodatiga erishish, muammolarni hal etish, salomatlikka yetishish bor. Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi domla Rahmonov bilan o‘tgan bugungi suhbatimiz mavzui ham sabr haqida bo‘ldi.

“Mo‘minchalik sabr etadigan kishi bo‘lmasa kerak. Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam marhamat qilib, “Sabr – bu nur, sabr – bu yorug‘lik”, dedilar. Sabr qilgan odam yorug‘likka chiqadi. Besabrlik oqibatida odamlar turli balolarga mubtalo bo‘ladi. Ramazoni sharifda o‘zimizda sabr xislatini shakllantira olsak, sobir bandalarga aylanamiz. Chunki, qornimiz ochyapti, chanqab ketyapmiz, ko‘nglimiz nimalarni tusamayapti, ammo bularning barchasiga sabr etyapmiz.

Vaqt o‘tishi bilan bu xislat odamning fe’liga singib qoladi. Bir oy sabr qilgan odam, Ramazoni sharif o‘tishi bilan besabrlik qilmasa kerak. Ushbu muqaddas oyni bir oylik maktab, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bu oydan mo‘min banda sabrli bo‘lib chiqadi. 

Alloh taolo “Zumar” surasida marahmat qiladi: “Sabr qilguvchilarning ajri hisobsiz bo‘ladi”. Mo‘min banda qilayotgan sabriga cheksiz ajr, savoblarga ega bo‘ladi. Oramizda katta natijalarga erishgan odamlarni ko‘rsak, ular sabr bilan, matonatni ko‘rsatib, o‘sha darajalarga erishishgan. Chunki ilm o‘qishda ham, ne’matga erishishda ham, biror fazilatga erishishda ham sabr kerak. 

Biz ilgari, bobolarimiz, momolarimiz yashagan kunga qaraganda yaxshi hayotda yashayapmiz. Bugungi kunimiz dorulomon kunlar. Oldinga qo‘yilgan rejalar, ulkan maqsadlarga sabr bilan, matonat bilan, mehnat bilan erishish lozim. Ana shunda uning tagi rohat bo‘ladi.

Barcha yaxshilikka sabr bilan erishamiz. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam ummatni sabrga chorladilar. Ramazon bizga mana shu darajaga erishishimizga imkon beradi”, dedi  Rahimberdi domla Rahmonov.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon Rahimberdi domla Rahmonov Sabr

Baholaganlar

62

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing