Bir nechta notarial xizmatlar uchun davlat boji kamaytiriladi
Jamiyat
−
21 noyabr 2022
5507O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatning joriy yilning 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tasdiqlandi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, vafot etgan fuqaroning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotiga nisbatan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishda davlat boji to‘lashdan ozod qilinishi belgilandi.
Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorini fuqarolar uchun tushunarli tarzda bayon etilishi hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida davlat boji stavkalari optimallashtirildi.
Qonunga asosan mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartirishlar kiritganlik uchun belgilangan davlat boji miqdorlari ikki baravarga kamaytirildi.
Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini, qarz shartnomalarini hamda avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun tabaqalashgan davlat boji stavkalari birxillashtirilib, yagona stavka miqdorida belgilandi.
Bundan tashqari, avtomototransport vositalarini boshqarish va undan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun qarindosh bo‘lmagan boshqa shaxslardan undiriladigan davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 2 baravariga kamaytirildi.
Fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasini tuzish va ijro etishda ehtimoliy nizolarni oldini olish, sudlardagi ish yuklamasini kamaytirish maqsadida, qonun bilan chet el valyutasida ushbu turdagi shartnomalarni notarial tartibda rasmiylashtirishda davlat boji miqdori ikki baravarga tushirildi.
LiveBarchasi