Bir necha hokimlarga “hayfsan” berildi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha tuman va shahar hokimlariga “hayfsan” berdi. Bu haqda bugun, 11 may kuni davlat rahbari raisligida hududlarda energiya ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Ushbu yig‘ilishda davlat rahbari yoqilg‘i-energetika majmuasi rahbariyati oldida viloyat hokimlari bilan birga yoz mavsumida hududlarda elektrga talabni qoplash, elektr tarmoqlarining yuqori yuklama sharoitida uzluksiz ishlashini ta’minlash, tarmoq va hududlarda energiyani tejash vazifalari turganini ko‘rsatib o‘tgan.

Shuningdek, Prezident tadbirkorlar, aholi xonadonlari va ijtimoiy ob’ektlarda kichik quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishda joylardagi mutasaddilar tomonidan oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotganini tanqid qilgan.

Jumladan, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ijtimoiy soha va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha Samarqand, Jizzax, Buxoro viloyatlari yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy viloyatlari ancha orqada ekani ta’kidlangan.

Tumanlar kesimida esa Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Nukus, Beruniy, Bekobod, Parkent, Piskent, Qiziltepa, Guliston, Sirdaryo, Arnasoy, Bag‘dod, Furqat, Termiz, Oltinko‘lda ishlar ahvoli qoniqarli emasligi keltirib o‘tilgan.

Tadbirkorlar bilan ishlash ahvoli ham birorta hududda talab darajasida emasligi, ular tomonidan 790 megavatt quvvat yaratish reja qilingan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar bor-yo‘g‘i 50 megavattli quvvatlar ishga tushgani tanqid ostiga olingan.

“Tumanlar kesimida Sayxunobod, Kogon, Jondor, Mirzaobod, Sharof Rashidov, Paxtakor, Yangiariq  tumanlari, Yangiyer, Urganch shaharlari hokimlari masalaning ichiga kirmagan. Ushbu tuman va shahar hokimlariga “hayfsan” berilishi, ikki oyda o‘zgarish qilmasa, ishdan ketishi belgilandi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ayrim hokimlar oson yo‘lni tanlab, qo‘yilgan vazifani tayyor byudjet mablag‘lari hisobidan bajarishga o‘rganib qolgani ko‘rsatib o‘tilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev hayfsan hokimlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing