Bir necha “suvchilar” aholining suv pulini “ichib yubordi”

3-sahifa

image

“O‘zsuvta’minot” AJ Sirdaryo viloyat bo‘limi nazoratchisi Guliston shahrida istiqomat qiluvchi 36 nafar shaxsning ichimlik suvi uchun to‘lagan 52 mln 427 ming 706 so‘m pul mablag‘larini  o‘zlashtirib yudordi. Bu haqda tashkilot axborot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Bildirilishicha, nazoratchi aksiyadorlik jamiyati va fuqarolarning hisob raqamiga mazkur pullarni kirim qilmasdan, o‘zining shaxsiy manfaatlari uchun ishlatib yuborgan.

“Mazkur holatlar yuzasidan O‘.B.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar Sirdaryo viloyati prokuraturasiga taqdim qilindi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi paytda tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi matbuot kotibi ma’lumotida.

Shu bilan birga, “Xorazm suv ta’minoti” AJning 5 ta tuman filiali mas’ul shaxslari ham iste’molchilarning ichimlik suvi uchun to‘lov qilingan jami 380 mln so‘m mablag‘larini bank hisob raqamlariga kirim qilmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan esa Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilyotgani aytildi.

Ma’lumot uchun, avvalroq sohada shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsion holatlarga barham berish maqsadida joriy yilning 1 dekabridan respublika miqyosida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni faqat elektron shaklda qabul qilish tizimiga o‘tilishi, nazoratchi va suv ta’minoti xodimlariga to‘lovlarni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirish to‘xtatilishi ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval Farg‘ona viloyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘limi boshlig‘i pora bilan qo‘lga tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

suvchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar