Midweek: Erondagi sirli portlashlar, papa bo‘lishni istagan Tramp, aravani quruq olib qochgan Putin
Tahlil
−
30 aprel
6258Hindiston yaqin soatlar ichida Pokistonga bostirib kirishi mumkin. Har holda Islomobod rasmiylari shunday gumonda vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
Eron so‘nggi 4 kun ichida ikkita dahshatli portlashga guvoh bo‘ldi. Biri Bandar Abbosdagi portda, ikkinchisi esa anchadan buyon G‘arb sanksiyalari ostidagi zavodda.
Putin yana aravani quruq olib qochmoqda. Bu safar u sanoqli kunlardan so‘ng o‘tkazilishi rejalashtirilgan paradda xotirjam o‘tirishi uchungina 2-3 kunlik sulh e’lon qildi. Tramp o‘z odamini papalikka tavsiya qildi.
O‘tib borayotgan haftaning o‘rtasiga qadar dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning Midweek dasturi.
Hindiston yaqin soatlarda Pokistonga qadam qo‘yishi mumkin
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib bormoqda. Kashmirdagi teraktdan so‘ng, ikki o‘rtadagi chegara chizig‘ida besh marotaba otishma sodir bo‘lgani aytilyapti. Hindiston armiyasi bayonotiga ko‘ra, shunday o‘q almashinuvlarning so‘nggisi 29 aprelga o‘tar kechasi Jammu va Kashmirda joylashgan nazorat chizig‘ida sodir bo‘lgan. Hindiston boshqaruvidagi mazkur hududdagi 48 ta sayyohlik ob’ekti yopilgani haqida xabarlar tarqaldi. Qayd etilishicha, aynan terakt uyushtirilgan Pahalgam tumanida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Mintaqaning diqqatga sazovor joylari qancha vaqtga yopilishi haqida ma’lumot yo‘q. Mahalliy aholi bu hujumdan mintaqaning asosiy daromad manbai bo‘lgan turizm jiddiy zarar ko‘rishidan xavotirda.
Pokiston Hindiston bilan chegaraga harbiy texnikani ko‘chirdi. Hindiston chegarasidan 80 km uzoqlikda Haqiqiy nazorat chizig‘i tomon Pokiston armiyasining o‘nlab o‘ziyurar texnikalari aniqlangan.
Hindiston va Pokiston o‘rtasida keskinlik kuchaygan bir paytda dunyo davlatlari ikki tomonni qurollantirmoqda. Masalan, Flightradar xizmati tomonidan Turkiyaning bir necha harbiy transport samolyotlari Pokistonga uchgani qayd etilgan. Pokistonlik manbalar Turkiya Harbiy-havo kuchlarining 6 ta C-130 harbiy-transport samolyoti Islomoboddagi harbiy bazaga qo‘nganini da’vo qildi.
O‘z o‘rnida, Fransiya ham vaziyatdan foydalangancha Hindistonga qurol sotyapti. Hindiston Mudofaa vaziri Rajnat Singx va uning fransuz mavqedoshi Sebasten Lekornyu Fransiyaning 26 ta Dassault Rafale qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Qiymati taxminan 6,5 milliard yevro bo‘lgan bu shartnoma 22 ta Rafale-M jangovar samolyoti va to‘rtta Rafale-D o‘quv samolyotini yetkazib berishni o‘z ichiga oladi. Hindiston fransuz qiruvchi samolyotlari bilan bir qatorda 2009 yildan beri “Vikramaditya” aviatashuvchisi bazasida joylashgan Rossiya samolyotlaridan foydalanmoqda. 2023 yil holatiga ko‘ra, mamlakatda 42 ta shunday qiruvchi bor edi, ammo ularning deyarli yarmi zaxirada.
Ikki o‘rtada esa yaqin fursatlarda keng ko‘lamdagi harbiy to‘qnashuv sodir bo‘lishi haqidagi xavotirlar soat sayin kuchaymoqda. Xususan, rasmiy Islomobodda bunday hadik oxirgi kunlarda ancha jonlangan. Pokiston axborot vaziri Attaulloh Tarar bir necha soat oldin mamlakat ishonchli razvedkaga ega ekanini, Hindiston keyingi 24 yoki 36 soat ichida harbiy zarba berish niyatida ekanini aytdi. Agar mazkur muddatga ishonilsa, hozirda bu taxmin reallikka aylanishiga sanoqli soatlar qoldi, xolos.
Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Osif ham “Reuters” agentligiga bergan intervyusida Hindiston tomonidan harbiy hujum yaqinlashayotganini aytgan. U shuningdek, yadro qurolidan foydalanishni ham istisno qilmagan holda, bunday qadam Pokistonning mavjudligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid yuzaga kelgandagina tashlanishini ma’lum qildi.
Erondagi ketma-ket portlashlar
Eronda 4 kun ichida 2 marotaba dahshatli portlashlar yuz berdi. 26 aprel kuni Eronning Bandar-Abbos shahri yaqinidagi Shahid-Rajai dengiz portida kuchli portlash oqibatida 70 kishi halok bo‘ldi va 1200 dan ortiq odam jarohatlandi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bu falokatga portda raketalar uchun ishlatiladigan qattiq yoqilg‘ining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan natriy perxloratning portlashi sabab bo‘lgan. Biroq 27 aprel kuni mamlakat Mudofaa vazirligi portda harbiy yuklar yo‘qligi, bunday xabarlar esa Eron dushmanlari ta’siri ostida paydo bo‘layotganini ta’kidladi. Qizig‘i, bu hodisa forslar Trampga umuman bosh egishni istamayotgan yadroviy dastur bo‘yicha Ummonda kechayotgan muzokaralarning uchinchi bosqichi boshlanganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi. Shu bois ba’zi bir manbalar portlash uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilyapti. Ammo bu haqda rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.
Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida bir necha kilometr radiusdagi oynalar singan. Undan tashqari internetda ham portlashdan keyin hosil bo‘lgan ulkan tutun aks etgan kadrlar talaygina.
Mazkur hodisadan so‘ng, Eron rasmiy doiralari qator choralarni amalga oshirdi. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi hududda favqulodda holat e’lon qilib, odamlardan binolarda qolish, derazalarni yopish va niqob taqishni so‘ragan. Prezident Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat Ichki ishlar vaziri portlash tergovini nazorat qilish uchun mintaqaga yo‘l olganini aytgandi. Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy esa xavfsizlik va sud organlariga Bandar Abbos portida sodir bo‘lgan portlashni tergov qilishni va bunda qasd yoki beparvolik bor yoki yo‘qligini aniqlashni buyurdi. U maxsus murojaatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi. Bundan tashqari, Oyatulloh rasmiylarga mazkur hodisadagi qo‘poruvchilik ehtimoliga e’tibor berishlari kerakligini ham eslatgan. Ammo Eron rasmiylari hozirda qo‘poruvchilik nazariyasini tasdiqlovchi dalil yo‘qligini aytdi.
Shu choqqacha chop etilgan suratlar portning bir qismi jiddiy shikastlanganini ko‘rsatadi. Portdagi portlash oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni ancha yirik bo‘lgani bois, ushbu hodisa dunyo miqyosida katta tashvish bilan qarshi olindi. Ko‘plab davlat rahbarlari qatorida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyonga ta’ziya yo‘lladi.
Ma’lumot uchun, Bandar Abbos Fors ko‘rfazining Ummon ko‘rfazi bilan tutashgan joyida, Hormuz bo‘g‘ozi qirg‘og‘idagi strategik muhim nuqtada joylashgan. Portlar va kemachilik tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu Erondagi eng yirik port hisoblanadi. O‘tgan yili u orqali mamlakatdagi konteynerlarning 85 foizi, shuningdek, Eron neftining katta qismi tashilgan. 2020 yilda xuddi shu portdagi kompyuterlarga kiberhujum uyushtirilgan, bu esa suv yo‘llari va ob’ektga olib boruvchi yo‘llarda ommaviy nosozliklarni keltirib chiqargan.
Yuqorida qayd etilganidek, Eronda so‘nggi bir necha kun ichida yuz bergan portlash faqatgina Bandar Abbos bilan cheklanib qolmadi. Portdagi hodisadan ko‘p o‘tmay, Isfahon shahrida joylashgan pirotexnika va portlovchi moddalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya omborida ham shu kabi voqea yuz berdi. Avanar Parsian kompaniyasi zavodida sodir bo‘lgan bu portlashni Isfahon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tasdiqlagan. Unda bir kishi halok bo‘lgani va bir necha kishi yaralangani aytilmoqda. Kompaniya mushak va dinamit ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, uning ishi mamlakat Milliy xavfsizlik oliy kengashi tomonidan nazorat qilinishi ham ta’kidlangan.
“Iran International” manbalarining ta’kidlashicha, kompaniya uchuvchisiz uchish apparatlarining yirik ishlab chiqaruvchisi Eron Aviatsiya sanoati firmasi bilan aloqador bo‘lishi mumkin. Bu esa mamlakatda yuz bergan ketma-ket jiddiy portlashlar fonida ularning ortida kim yoki kimlar turgani haqidagi shubha-gumonlarni yanada kuchaytiradi. Chunki Eron Aviatsiya sanoati firmasi mamlakatning harbiy vertolyotlari va samolyotlariga texnik va kapital ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatadi. U Eron Aviatsiya sanoati tashkilotiga bo‘ysunadi. Qizig‘i shundaki, bu tashkilot ancha yillar oldin Yevropa Ittifoqi tomonidan Eronning sezgir yadro faoliyati yoki yadro qurolini yetkazib berish tizimlarini rivojlantirish bilan bog‘liq tashkilot sifatida ro‘yxatga olingan.
Qozog‘istonliklar Ukraina bosqiniga jalb qilinmoqda
Qozog‘iston fuqarolariga xorijiy davlatdagi urushda qatnashishga da’vat qiluvchi varaqalar ommaviy tarzda ko‘chlarda tarqatilayotgani haqida xabarlar chiqdi. Gap bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining chinakam bosh og‘rig‘iga aylangan Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan boshqa mamlakat fuqarolarini jalb qilish haqida ketmoqda. So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda shunday mazmundagi varaqalar tasvirlangan suratlar paydo bo‘lgan. Ushbu bukletlarda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi va uning aloqa ma’lumotlari ko‘rsatilgan. Bunday suratlarni tarmoq foydalanuvchilari “Tengrinews.kz” nashrining tahririyatiga yuborgan. Ularning da’vo qilishicha, varaqalar Ostona va Olmaotadagi ko‘chalarda tarqatilgan.
Mazkur holat yuzasidan nashr Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligiga rasmiy so‘rovlar yuborgan. Milliy xavfsizlik qo‘mitasining xabar berishicha, internetda ushbu varaqalarning joylashtirilishi bo‘yicha tekshiruv olib borilyapti. Ammo hozirgacha bu bukletlarning shahar ko‘chalarida qo‘lma-qo‘l tarqatilgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmagan.
IIV ham bu varaqalar jismoniy tarzda tarqatilganini aniqlamaganini bildirgan. Ammo vazirlik o‘z bayonotida yollanish bilan bog‘liq ushbu chaqiruvlar aks etgan varaqalar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan holatlar mavjudligini istisno qilmagan. IIV Qozog‘iston fuqarolariga mamlakat qonunchiligiga rioya qilishni va og‘ir huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan bunday harakatlardan tiyilishni qat’iy tavsiya qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda fuqarolarning boshqa davlatning qurolli to‘qnashuvida yoki harbiy harakatlarida qasddan noqonuniy ishtirok etishi 5 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 2022 yildan beri Qozog‘istonda fuqarolarning xorijdagi urushlarda ishtiroki bo‘yicha 97 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ya’ni, Rossiyaning Ukrainadagi bosqini boshlanganidan buyon kamida 97 nafar qozog‘istonlik xorijdagi harbiy mojarolarda ishtirok etgan. Shimoliy qo‘shnisining tinchliksevar emasligi bugun Qozog‘iston uchun har tomonlama muammo va kezi kelganda hatto ba’zi xavotirlarni ham keltirib chiqaryapti.
Ammo biroz avval ta’kidlab o‘tilganidek, bu faqat Qozog‘iston uchun emas, balki butun Markaziy Osiyoga haqiqiy bosh og‘riq bo‘lmoqda. Jumladan, bir necha kun ilgari Qirg‘izistonda “rus uyi” xodimasi mamlakat fuqarolarini Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga yollash ayblovi bilan qo‘lga olingandi. O‘sh shahridagi “rus uyi” mas’ullaridan biri Natalya Sekerina sud qaroriga ko‘ra, 17 iyunga qadar hibsda saqlanishi lozim edi. Biroq 28 aprelga kelib, Bishkekdagi Pervomay tuman sudi qirg‘izistonliklarni Rossiya armiyasiga yollash ishi bo‘yicha Sekerina va ismi oshkor etilmagan yana bir kishiga nisbatan ehtiyot chorasini yumshatdi. TASS agentligining Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlaridagi manbasiga ko‘ra, bu ish bo‘yicha barcha ayblanuvchilar Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev va Rossiyaning respublikadagi elchisi Sergey Vakunov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng uy qamog‘iga o‘tkazilgan.
Tramp papalikka o‘z odamini tiqishtirmoqchi
Joriy yilning 21 aprel kuni 88 yoshida insult sabab vafot etgan sobiq Rim papasi Fransiskning dafn marosimi 26 aprel kuni Vatikandagi Avliyo Pyotr maydonida 200 mingga yaqin inson bilan o‘tkazildi. Endilikda uning bo‘sh qolgan o‘rnini kim egallashi ko‘rib chiqiladi. Ma’lum qilinishicha, Rim-katolik cherkovining oliy ruhoniylari 28 aprel kuni yangi papani saylash sanasini belgilash uchun yopiq eshiklar ortida yig‘ilgan. Unga ko‘ra, kardinallar 7 may kuni yangi Rim papasini saylash uchun konklavga yig‘iladi.
Ammo hozirda konklavning o‘tkazilish sanasi rasman e’lon qilinmagan. Rim-katolik cherkovi qoidalariga ko‘ra, yangi papa saylanadigan konklav 5-11 may kunlariga belgilanishi kerak edi.
Ma’lumot uchun, konklavda 80 yoshga to‘lmagan kardinallar ishtirok etishi va saylanishi mumkin. Hozirda 252 nafar hay’at a’zosidan 135 nafari ushbu mezonga mos keladi. Yangi papa aniqlanmaguncha, kardinallarga tashqi dunyo bilan aloqa qilish taqiqlanadi.
E’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan jihatimiz bu emas. Asosiy masala kim papa etib saylanishida emas, balki AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Trampning bunga bo‘lgan munosabatida. Gap shundaki, Tramp 29 aprel kuni jurnalistlarning keyingi papa kim bo‘lishi haqidagi savoliga javoban o‘z nomzodini ko‘rsatdi. Albatta, bu shubhasiz hazil edi. Chunki Tramp bugungi kungacha 3 marotaba uylangan, ayni damda oilali. Katolik cherkovi bo‘lsa, papalarga uylanishni taqiqlaganiga ming yildan oshdi. Biroq shu kuni Tramp tomonidan aytilgan yana bir gap ko‘pchilikning e’tiborini tortgan bo‘lsa ajab emas. U papa bo‘lish istagi haqidagi gapdan so‘ng, biroz jiddiy ohangda konklavga Nyu-York kardinali nomzodiga e’tibor berishi tavsiya qildi va voqealar rivojini kuzatib borishini aytdi. Ammo Amerika nashrlari nyu-yorklik kardinal Timoti Dolan papalik taxtini egallash uchun favoritlar qatoriga kirmasligi haqida yozmoqda. Boz ustiga tarixda hali hech qachon AQSHdan papa saylanmagan.
Albatta, kelgusida kimning papa etib saylanishi geosiyosatda biror narsani o‘zgartirmaydi. Chunki katolik cherkovi va papa uzoq o‘tmishdagi o‘ta qudratli va cheksiz ta’sir xususiyatidan asar ham qolmagan. Bugun papa lavozimidagi shaxs bundan bir necha yuz yillar ilgari Innokentiy III davridagidek katolik davlatlarning ichki va tashqi siyosatida muhim o‘rin tutmaydi. Katolik cherkovining bunday qudrati 1303 yilda Fransiya qiroli Filipp IV ning elchisi papa Bonifatsiy VIII yuziga tarsaki tushirganidan boshlab ortga ketgan. XVI asrda katolik oqimidan yuz o‘girganlar tomonidan asos solingan protestantizmning paydo bo‘lishi esa papaning siyosiy qudratini amalda tugatib, uni Vatikan bilan cheklab qo‘ygan.
“9-may sulhi” Putinning xudbinligi isbotimi?
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 9 may kuni o‘tkaziladigan Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan sulh e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, Rossiya armiyasi Moskva vaqti bilan 8 mayga o‘tar kechasi soat 00:00 dan 11 mayga o‘tar kechasi soat 00:00 gacha barcha jangovar harakatlarni to‘xtatadi. Eng qizig‘i Kreml bayonotida ushbu qaror insonparvarlik mulohazalaridan kelib chiqib qabul qilingani yozilgan. Shuningdek, Kreml matbuot xizmati Ukraina tomoni ham shunday yo‘l tutishi kerakligi, bundan o‘rnak olishi lozimligi va agar sulh buzilsa, Rossiya armiyasi samarali javob berishi haqida ogohlantirgan.
Putin bundan 10 kun muqaddam ham Pasxa bayrami arafasida vaqtinchalik bo‘lib ham bir necha soatlik otashkesim joriy qilgandi. Ammo uning bu qarori yakunda faqatgina qog‘ozdagi otashkesim bo‘lib qoldi. Chunki Ukraina tomoni ushbu vaqtinchalik sulh amalda bo‘lishi nazarda tutilgan soatlarda Rossiya qo‘shini 2 mingdan ziyod qoidalarni buzganini da’vo qilgandi. Putinning bu safargi taklifi esa yanada g‘ayrioddiy ko‘rinmoqda. Chunki uning sulh taklifi Moskvada o‘tkazilishi rejalashtirilgan parad hamda uning tinch va osoyishta o‘tishini ta’minlash uchungina ekani kundek ravshan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy aynan shu bois Putinning bir necha kunlik otashkesimini xushlamadi. U Ukraina urushni tugatish uchun “barcha hamkorlar bilan ishlashga” tayyorligini, biroq Rossiya hamma narsani rad etib, “dunyoni manipulyatsiya qilib, AQSHni aldashga urinayotganini” aytdi. Shuningdek, sulh Putin paradni tinch o‘tkazib olishi uchun emas, balki insonlar hayotini saqlab qolish uchun tuzilishi lozimligini ham qo‘shimcha qildi.
“Endi manipulyatsiyaga yana bir urinish bo‘ldi: negadir hamma 8 maygacha kutishi va shundan keyingina parad paytida Putinga sukut saqlash uchun o‘t ochishni to‘xtatish kerak. Biz paradlarni emas, odamlarning hayotini qadrlaymiz. Shuning uchun biz ishonamiz – dunyo ishonadi – 8 mayni kutishga hech qanday sabab yo‘q. Va o‘t ochish ular yana o‘ldirishni boshlashi mumkin bo‘lmasligi uchun bir necha kundan ortiqqa to‘xtashi kerak. Darhol, to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish – va kamida 30 kun”, dedi Zelenskiy.
Avvalroq, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ham Putinning bayonotlariga xuddi shunday javob qaytargan edi. U 8 mayni kutishning hojati yo‘q, “agar hozir istalgan sanadan boshlab va 30 kun davomida o‘t ochishni to‘xtatish mumkin bo‘lsa, bu shunchaki parad uchun emas, balki haqiqiy otashkesim bo‘lishi uchun bo‘lardi, deya ta’kidlagan.
Vashingtonning ham Putinning mazkur oldi-qochdi taklifidan hafsalasi pir bo‘ldi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt “AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainada vaqtinchalik emas, doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni istaydi” deya, bayonot berdi. Boz ustiga Tramp ham allaqachon Putin uni laqillatayotganini anglab yetgan. Fransiskning dafn marosimida qatnashib, u yerda Zelenskiy bilan o‘zgacha muhitda norasmiy suhbatlashgan Tramp AQSHga qaytib, Putin masalasida nihoyat jiddiy o‘ylay boshladi. U o‘ziga tegishli platformada Putinda urushni to‘xtatish istagi borligiga shubhalanayotgani va moliyaviy sanksiyalar qo‘llash orqali uni bunga majbur qilishi haqida yozdi.
LiveBarchasi