Bir necha hududlarda bolasini pullamoqchi bo‘lgan onalar ushlandi
3-sahifa
−
15 fevral
4173Sirdaryo, Surxondaryo, Namangan viloyati va Toshkent shahrida odam savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1991 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahrida vaqtincha yashovchi ayol joriy yilning 30 yanvar kuni tug‘ilgan o‘g‘il farzandini 40 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Termiz tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan ayol joriy yilning 25 yanvar kuni dunyoga kelgan qiz farzandini o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan ayol bilan til biriktirib, Termiz shahrida 25 mln so‘mga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Shuningdek, Chirchiq shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan ayol o‘zining 2018 yilda tug‘ilgan o‘g‘lini Toshkent shahrida 3 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Namangan shahrida yuz bergan holatda esa 1995 yilda tug‘ilgan ayol o‘zining 2014 yilda dunyoga kelgan o‘g‘lini 18 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, talab qilingan puldan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi