Bir balosi bo‘lmasa… Rossiya nega O‘zbekiston mahsulotlari importiga taqiqni olib tashladi?

Tahlil

image

Ukrainaga bostirib kirishi ortidan yakkalanib qolayotgan Rossiya o‘zi tomonidan boshqa davlatlarga qo‘yilgan cheklovlarni asta-sekinlik bilan olib tashlamoqda. Xususan, bugun, 5 martdan boshlab 9 ta davlat, jumladan, O‘zbekistondan sabzavotlar importi uchun qo‘yilgan cheklov bekor qilindi.
 
Ushbu yangilikdan keyin, albatta, ko‘pchilikda quyidagi kabi savollar tug‘ilishi tabiiy: Nega Rossiya boshiga ish tushganda, boshqa davlatlar tomonidan yakkalanib qolganidagina boshqa tomondagi hamkorlarga nisbatan qo‘llagan import cheklovlarini olib tashladi? Bu cheklovlar olib kelinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida zararkunandalar borligi uchun o‘rnatilmaganmidi? Sanksiyalar girdobida qolganda Moskvaning ko‘ziga pomidor yoki boshqa mahsulotlarda aniqlanayotgan viruslar ham ko‘rinmay qoldimi yoki avvalboshdan bu taqiqlar siyosiy maqsadda joriy etilganmidi?
 
Xo‘sh, o‘zi aslida nimalar bo‘lgandi? Qaysi mahsulotlarga cheklov qo‘yilgandi? Bugun Rossiyaning O‘zbekiston mahsulotlariga qo‘ygan, qo‘yib kelayotgan bitmas-tuganmas cheklovlari haqida gaplashamiz.

O‘zbekiston mahsulotlariga qo‘yilgan cheklovlar
 
2020 yilning 26 noyabr kuni Rossiyaning Veterinar va fitosanitar nazorat federal xizmati (Rosselxoznadzor) Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan pomidor va qalampirni mamlakat hududiga kiritishni taqiqladi. Bunday taqiq joriy qilishga Farg‘onadan keltirilgan pomidor va qalampirlardan tobamovirus (Tomato brown rugose fruit virus (ToBRFV)) aniqlangani sabab bo‘lgani aytildi.
 
O‘zbekiston Respublikasining Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Rossiyaning taqiqiga munosabat bildirib, mamlakatda ToBRFV o‘simliklar virusi yo‘qligini e’lon qildi. Shu bilan birga tashqi savdoga mas’ul idora Yeeroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlarda ham ushbu virusga nisbatan taqiq mavjud emasligini, Yevrosiyo Iqtisodiy komissiyasi Kengashining 2016 yil 30 noyabrdagi №158-sonli Qarori bilan tasdiqlangan karantin ob’ektlarining yagona ro‘yxatiga ToBRFV kiritilmaganini aytib, taqiq to‘g‘ri emasligini ko‘rsatdi.
 
Shuningdek, vazirlik Rossiya tomoni bilan kelishib, mazkur cheklovni bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini ham malum qildi. Biroq ko‘p o‘tmay, cheklovlar bekor bo‘lish o‘rniga yangi kuch bilan kengaya bordi. 

2020 yilning 4 dekabr kuni Rosselxoznadzor Navoiy viloyatidan keltirilgan pomidorlardan jigarrang ajinlar virusini topib, pomidor va qalampir, 7 dekabr kuni esa quritilgan o‘rik partiyasida xapra qo‘ng‘izi aniqlanganini aytib, Farg‘ona viloyatidan barcha turdagi o‘simlik mahsulotlarini olib kirishni to‘xtatib qo‘ydi.
 
Vaholanki, 3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi Rosselxoznadzor rasmiylari bilan muzokara o‘tkazilgani va mamlakat hududiga quritilgan o‘rik mahsuloti olib kirilishiga taqiq qo‘yilmasligi borasida kelishuvga erishgani haqida xabar bergandi.
 
Rossiya Farg‘onadan  o‘simlik mahsulotlari olib kirishga taqiq qo‘yganidan ikki kun o‘tib, 9 dekabr kuni O‘zbekistonning yana bir viloyatidan import qilinayotgan pomidor va qalampirda go‘yo virus aniqlanib, cheklov qo‘yildi. Taqiqqa uchragan navbatdagi viloyat Qashqadaryo edi.
 
Rossiya bozoriga ishongan o‘zbek tadbirkorlari esa mahsulotiga kuyib qolaverdi. Negaki O‘zbekistondan Rossiyaga mahsulot tashish ancha vaqt oladigan jarayon bo‘lib, taqiq sabab uni ortga qaytarganda ham tovarning katta qismi iste’molga yaroqsiz holga kelib qoladi.
 
Moskvaning taqiqlari ortidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mazkur virus masalasiga oydinlik kiritish maqsadida fitosanitar nazorat o‘rnatdi.
 
Bosim quroli
 
Rosselxoznadzor shundan so‘ng turli davrlarda O‘zbekistonning ayrim viloyatlariga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatdi, alohida korxonalarga mahsulot importi uchun qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi. Ammo mahsulotlardan topilgan virus masalasi yakuniga yetmadi. Mahsulot importi uchun cheklov bosim quroli sifatida o‘z mohiyatini yo‘qotmadi. Demak-ki, Moskva istalgan paytda, balki Rossiya iqtisodiyoti gardaniga ortilgan G‘arb sanksiyalari yuki ozayishi bilanoq, bekor qilingan cheklovlarni yana tiklashi hech gap emas.

Qolversa, Moskva asosiy bozori Rossiya bo‘lgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga cheklovni Toshkentni Kreml yetovidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishi uchun ham joriy etgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Negaki, YeOIIning asosiy tamoyili yagona bozorni tashkil etish. Biroq tashkilotga a’zolik haqiqatan ham foydalimi, Rossiya iqtisodiy ittifoqchilariga ham import cheklovi qo‘llay olmaydimi, degan savollar ham yo‘q emas.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

3249

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing