Biologiya bo‘yicha Milliy sertifikat uchun test natijalari bekor qilindi

Jamiyat

image

Joriy yil 10 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida biologiya fanidan milliy sertifikat uchun test sinovlari o‘tkazilgan edi.

DTMning ma’lum qilishicha, mazkur test sinovi natijalari Davlat test markazi tomonidan hisoblanib, tahlil qilinganda biologiya fanidan test topshiruvchilar ballarining chastota taqsimotida normal taqsimotdan katta og‘ishlar mavjud ekanligi aniqlandi. Ya’ni biologiya fani bo‘yicha test natijalari tahlili testologiya mezonlari buzilganligini, aniqroq qilib aytganda natijalar ayrim hududlarda juda yuqori ekanligini ko‘rsatdi.

“Biologiya fani bo‘yicha test natijalari tahliliga ko‘ra testologiya mezonlari buzilganligi, talabgorlarning biologiya fanidan maktabda olgan o‘rtacha baholari bilan test sinovidagi natijalari o‘rtasida tafovutlar yuqori ekanligi hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lganligi uchun xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda 10 iyun kuni biologiya fanidan milliy sertifikat uchun o‘tkazilgan test sinovi natijalari e’lon qilinmasligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 10 iyun kuni biologiya fani bo‘yicha test sinovida ishtirok etgan barcha talabgorlarning to‘lovi to‘liq qaytariladi.

Ularga barcha abituriyentlar kabi oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida mutaxassislik fanlarining har biridan 20 ta test topshirig‘i (milliy sertifikat imtihonidagi 50 ta test topshirig‘i o‘rniga) va 1 soatdan vaqt beriladi.

Qayd etish kerakki, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda kimyo va biologiya fanlaridan milliy sertifikat uchun o‘tkazilgan testning javoblari sotilgani haqida xabar tarqalib, odamlarning qattiq noroziliklariga sabab bo‘layotgan edi.  

Joriy yil iyun oyida mazkur holat bo‘yicha tegishli huquqni muhofaza qilish organlari va Davlat test markazi hamkorligida tekshirish ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergandik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

27

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing