Binolarning seysmik mustahkamligini baholash tizimi shakllantiriladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda binolarning seysmik mustahkamligini baholash tizimi shakllantiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash hamda elektron texnik pasportlarni shakllantirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Hujjat Prezidentning "O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2020 yil 30 iyuldagi PQ-4794-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Seysmik faol hududlarda joylashgan bino va inshootlar, ko‘p kvartirali uy-joylarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron texnik pasportlar bosqichma-bosqich shakllantiriladi.

Vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar bosqichma-bosqich o‘zlariga qarashli bino va inshootlar, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joylarning elektron texnik pasportlarini Yagona integratsiyalashgan platformaga kiritilishini ta’minlashlari kerak.

Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga yangi qurilayotgan barcha turdagi bino va inshootlar, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joylarning elektron texnik pasportlarini shakllantirib, platformaga doimiy kiritib borilishini ta’minlash vazifasi yuklandi.

Qaror bilan Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash bo‘yicha elektron texnik pasportlarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Nizomga asosan, Fanlar akademiyasi Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda har yili 15 yanvarga qadar platformaga kiritilgan elektron texnik pasportlar asosida bino va inshootlar, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joylarni seysmik zaifligi bo‘yicha turlarga ajratib chiqadi. Mazkur axborot Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etiladi.

FVV axborot olingan kundan e’tiboran 15 kun muddatda vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuboradi.

Olti oy davomida ular seysmik zaif hisoblangan bino va inshootlarini seysmik holatini mustahkamlash choralarini ko‘rishlari zarur. 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va  kuchga kirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

21

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing