Beo‘xshov “Tashkent city”, Shahrisabzdan voz kechmoqchi bo‘lgan UNESCO, yashillik yo‘qolayotgan Toshkent. O‘zbek arxitektorlari dardini aytdi
Tahlil
−
13 Oktabr 2023
14438Kecha, 12 oktyabr kuni poytaxtda “Toshkent Arxitektura festivali”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda mahalliy hamda xorijlik arxitektorlar qatnashdi. QALAMPIR.UZ muxbiri esa mazkur soha vakillaridan O‘zbekistonning milliy arxitekturasi, shaharsozligi haqida qisqacha intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi.
Festival ishtirokchisi, Me’morlar uyushmasi a’zosi Aleksandr Kuranovning aytishicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qurilayotgan zamonaviy binolar talabga javob bermaydi.
“Bugun tashrif buyurgan mehmonlarga faqatgina shaharning tarixiy qismi ko‘rsatilmaydi, ularga osmono‘par binolar ham ko‘rsatiladi. Ammo ularda muammo yetarlicha. Misol uchun, “Tashkent city”ni olsak, u yerdagi eng katta kamchilik bu uning joylashishidir. Shuningdek, unda qurilgan osmono‘par binolarning joylashuvi ham noto‘g‘ri. Uni boshqa burchakka qurish mumkin edi. Masalan, Toshkent sirki yoki “Chorsu” mehmonxonasiga yaqin hududda yoxud umuman Chorsu bozoriga yaqin joyda qurilsa shaharning eski va yangi qismini bog‘lash mumkin bo‘lardi.
U yerdagi yana bir muammo turar-joylar bo‘lib, bir joyning o‘zida turli uslubdagi binolar yonma yon qurilgan. Biri turkcha yo‘nalishda bo‘lsa, ikkinchisi tushunarsiz bo‘lgan minimalizm yo‘nalishida qad rostlagan. Mening bir tanishim o‘sha kompleksda yashaydi. Uyning oshxonasida yorug‘lik to‘g‘ri berilmagan. Vaholanki, biz oshxonada ovqat pishiramiz, mehmon kutamiz. Ular qandaydir yevropacha uslubda qurishgan, lekin bizga juda noqulay. Asosiy muammolar mana shunda”, deydi urbanist.
Shaharsoz Kuranov faqatgina bu javob bilan cheklanib qolmadi. U me’morchilik yo‘nalishida xalqaro munosabatlarni ko‘paytirish zarurligini aytdi.
“Xalqaro aloqalarni rivojlantirish kerak. Chunki boshqalar qanday ishlayotganini ko‘rish shart. Misol uchun, bugungi festivalda Belarus, Qozog‘iston, Ozarbayjon davlatlari qiziqarli loyihalari bilan kelishdi. Tajriba muhim, uni o‘rganish kerak. Bugungi dunyo juda katta qarama-qarshiliklarga boy-bo‘lsa ham biz arxitektorlar bir-birimizga do‘st bo‘lishimiz kerak”, deydi u.
Arxitektura fanlari nomzodi, professor, O‘zbekiston Me’morlar uyushmasi kengashi a’zosi Murodxon Usmonov esa bugungi kunda ko‘proq mahallalarga e’tibor berish, o‘rta davrlarda qurilgan an’anaviy turdagi turar joylarni asrash kerakligi haqida gapirdi.
“Birgina Shahrisabzni olib ko‘rsak, u UNESCO’ning ro‘yxatidagi shahar edi. Ammo o‘sha hududdagi mahallalar buzib tashlandi. Shundan so‘ng, mahallalarni qayta tiklash uchun UNESCO bizga besh yil muddat berdi. Agar biz mana shu besh yil ichida ularni qayta tiklay olmasak, shahar ro‘yxatdan chiqarib tashlanadi. Biz qadimiy mahalla hududlarini saqlashimiz kerak”, deydi u.
Shuningdek, professorning ta’kidlashicha, bugungi kunda poytaxtda yashil hudud keskin qisqarib ketgan. Bu esa shahar aholisining salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Toshkentning yuzi ko‘kalamzorlik edi. Bugungi kunda bir nafar odamga Toshkent shahrida atigi 3 metr kvadrat yashil huqud to‘g‘ri keladi. Qoida bo‘yicha 17-18 metr kvadrat bo‘lishi kerak edi. Hozirda ishlab chiqilayotgan shahar bosh rejasida ham yashillik kishi boshiga atigi 8 metr kvadratga yetkazilmoqda. Ko‘kalamzor hududlar bu shaharning o‘pkasidir. Misol uchun, jarroh odamning o‘pkasini teshib tashlasa, u nogironga aylanadi. Demak, biz hozirda “invalid” shaharlarda yashayapmiz”, deydi u.
Festivalning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Me’morlar uyushmasi raisi Azamat To‘xtayev esa hozirgi zamonaviy binolarni milliy arxitektura detallari bilan boyitish kerakligini aytmoqda. Faqat shundagina, mahalliy arxitektura boshqa davlatlarning me’morchiligidan ajralib turadi.
“Har bitta binoning o‘z “adres”i bo‘lishi kerak. Misol uchun, sayyohlar kelganida bizning tarixiy binolarimiz bilan zamonaviy binolarimizga qarab o‘ziga xosligimizni bilishi zarur. Umuman olganda, dunyo me’morchiligidagi eng qiyin jarayonlardan biri bu zamonaviy hamda milliy arxitekturani uyg‘unlashtirish hisoblanadi. Buning uchun katta arxitektor bo‘lish, o‘sha hududning tarixini yaxshi bilish kerak. Mana IT Park binosini olsak, u yerda hamma narsa oynadan qilingan. Xohlagan shaharga borib ko‘rsangiz oynaband binolardan hatto bundan yaxshilarini ko‘rish mumkin”, deydi uyushma rahbari.
LiveBarchasi