Betob murabbiy. 12 yillik “qora an’ana”
Sport
−
13 Oktabr
16718Yakunlanayotgan hafta chinakamiga futbol haftasi bo‘ldi. Klublar o‘rtasidagi o‘yinlar biroz tin olib, terma jamoalar Jahon chempionati saralashi yo‘lida bahslarga kirishdi. Biz uchun e’tiborlisi esa O‘zbekiston milliy terma jamoasini Eronga qarshi juda jiddiy o‘yin kutib turgandi. O‘yinga bir necha kun qolgandayoq “oq bo‘rilar” forslarga qarshi bahsni bosh murabbiysiz o‘tkazishi aniq bo‘ldi va yakunda Eronga qarshi to‘qnashuvda kutilgan natija qayd etilmadi. Tugayotgan haftada O‘zbekiston futzal terma jamoasining ispaniyalik mutaxassisi ishdan olindi. O‘z navbatida O‘zbekistonda o‘tgan mundialdagi omadsiz ishtirok tufayli terma jamoaning FIFA reytingidagi o‘rni keskin pasaydi. Assalomu alaykum. O‘zbek futboli uchun sinovli o‘tgan hafta sporti voqealari bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
O‘zbekiston Eronga qarshi bir kishi ko‘p o‘ynab, durang qayd etdi
2026 yil AQSH, Kanda va Meksika yashil maydonlarida o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga saralash bosqichining 3-turida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron vakillari bilan bahs olib bordi. Ushbu turga maksimal – 6 ochkodan jamg‘arib, guruhda qo‘shhokimlik qilib kelayotgan jamoalar bahsi teng kurashlar ostida o‘tdi. Bir qancha imkoniyatlar yuzaga kelganiga qaramay, o‘yinning ilk taymi nursiz durang bilan yakunlandi.
Ikkinchi bo‘lim ham ikki jamoaning jangovar kurashlari bilan boshlandi. Shunday holatlarning birida – 57-daqiqada Eron jamoasi vakili Hardani o‘zbekistonliklar sardori Eldor Shomurodovga nisbatan qo‘pol o‘ynadi va bosh hakam VAR yordamida vaziyatni ko‘rib chiqib, eronlik futbolchini maydondan chetlatdi.
O‘yinning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan vaqtning dastlabki daqiqasida o‘zbekistonliklar jarima maydonchasi ichida Rustam Ashurmatov qo‘liga to‘p tegdi. Dastlab, hakam mezbonlar darvozasiga penalti belgiladi. Biroq, u yana VAR’ga murojaat etdi va penaltini bekor qildi. O‘yin shu tariqa yakunlanib, 0:0 hisobi qayd etildi. Ma’lumot uchun, shu o‘yindan keyin 7 ochko bilan O‘zbekiston MTJ guruhda peshqadamlikni davom ettiradi.
Hakamlik haqida gapirishni istamayman – Vlado Radmanovich
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yordamchi murabbiyi Vlado Radmanovich Jahon chempionati saralashi 3-bosqich 3-turidan o‘rin olgan Eronga qarshi o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Ushbu o‘yin qiyin bo‘lishini kutgandik, chunki raqibimiz ham Osiyoda o‘z o‘rniga ega jamoalardan. Bizda yaxshi imkoniyatlar ham bo‘ldi. O‘yinga tashrif buyurgan muxlislar va OAVga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Biz o‘yindan o‘yinga kuchayib borishni maqsad qilganmiz. Oldimizda yanada jiddiy bahslar kutib turibdi. Navbatdagi o‘yinimiz BAAga qarshi bo‘lib o‘tadi va muxlislarimizdan bizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolamiz”, deydi Radmanovich.
Radmanovich bahsdagi hakamlik haqida ham to‘xtaldi.
“Bu mavzuda gapirishni istamayman. Chunki murabbiylar uchun hakamlar haqida gapirish noto‘g‘ri deb hisoblayman”, deydi mutaxassis.
Murabbiy terma jamoaning jismoniy holati to‘g‘risida ham fikrlari bilan bo‘lishdi.
“Terma jamoada bu yo‘nalishda futbolchilar bilan ishlash uchun yetarlicha vaqt bo‘lmaydi, bu barcha terma jamoalarda uchrab turadigan muammo. Chunki biz ularni o‘yinga tayyorlashga 3 kun vaqtimiz bor edi. Biz asosan taktik va o‘yin qurish ustida ishlaymiz. Oston dastlab o‘yinga tayyorligini aytgandi, biroq oxirgi mashg‘ulotdan keyin u og‘riq his qildi. Shu sababli bu darajadagi o‘yinda biz tavakkal qila olmasdik”, deydi Radmanovich.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi keyingi o‘yinini 15 oktyabr kuni o‘tkazadi. O‘sha kuni “oq bo‘rilar” “Bunyodkor” stadionida BAA terma jamoasini qabul qiladi.
Natijadan xafa bo‘lib o‘tirishga vaqtimiz yo‘q – Eldor Shomurodov.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Jahon chempionati saralashi 3-bosqich 3-turidan o‘rin olgan Eronga qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
“Yomon o‘ynamadik, deb o‘ylayman. 2 ochko yo‘qotdik, lekin bu katta yo‘qotish deb o‘ylamayman. Albatta, har bir ochkoning qadri biz uchun muhim. Bizning asosiy maqsadimiz JCHga chiqish. Keyingi o‘yinda g‘alaba qozonib, muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz. Eronga qarshi o‘yin hech qachon oson bo‘lmaydi. 0:0 hisobida o‘ynab juda yomon natija ko‘rsatdik, deb o‘ylamayman. Har doimgidek, kuchli raqibga qarshi munosib kurash olib bordik”, deydi futbolchi.
Shomurodov Eron futbolchisiga ko‘rsatilgan qizil kartochkaga ham to‘xtaldi.
“Birinchi navbatda, g‘alaba qozonishimiz uchun yaxshi imkoniyatimiz bor edi. Lekin aytganimdek, bugungi 1 ochko ham yomon natija emas. Keyingi o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak, hozir natijadan xafa bo‘lib o‘tirishga vaqtimiz yo‘q”, deydi Shomurodov.
Xose Venansio Lopes ishdan bo‘shatildi
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi ispaniyalik Xose Venansio Lopes lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, bugun, 8 oktyabr kuni futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtirokiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan. O‘FA rahbariyati hamda bosh murabbiy Xose Venansio Lopes qatnashgan yig‘ilishda jamoaning musobaqadagi ishtiroki tanqidiy ko‘rib chiqilgan.
Xose Venansio O‘FA rahbariyatiga terma jamoa bosh murabbiyi sifatida ishlash imkoniyati berilgani uchun minnatdorlik bildirgan. O‘tgan musobaqalar davomida O‘FA tomonidan barcha sharoitlar taqdim etilganini qayd etgan ispaniyalik mutaxassis O‘zbekistondagi faoliyati davomida zavq bilan ishlagani, barcha mutaxassislar unga ko‘maklashganini aytib, kelgusida do‘stona aloqalarni saqlab qolib, har qanday yordamga tayyor ekanligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, 14 sentyabrdan 6 oktyabrga qadar O‘zbekistonda futzal bo‘yicha Jahon chempionati bahslari o‘tkazildi. Mezbonlar musobaqada birorta ham bahsda g‘alaba qozona olmay, guruhda 4-o‘rinni egallab turnirdagi yurishini yakunladi. Chempionatda Janubiy Amerika vakili Braziliya terma jamoasi g‘olib bo‘ldi. BAA bilan o‘yin oldidan O‘zbekiston jiddiy yo‘qotishga uchradi.
Jahon chempionati saralashi 3-turi doirasida Eron bilan o‘yinda sariq kartochka olgan “Rubin” klubi himoyachisi Rustam Ashurmatov O‘zbekiston terma jamoasining BAA qarshi o‘yinini o‘tkazib yuboradi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ashurmatov ikkita o‘yinda sariq kartochka olishi oqibatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining BAAga qarshi uchrashuvida ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi. Murabbiylar shtabi tomonidan uning o‘rniga “Paxtakor” klubi futbolchisi Diyor Xolmatov terma jamoaga jalb etildi.
LiveBarchasi