Berlinda ehtimoliy janglarga tayyorgarlik boshlandi
Olam
−
20 noyabr 2391 2 daqiqa
Kecha, 19 noyabr kuni Bundesver qo‘riqchi batalyoni Germaniya poytaxti Berlindagi metropoliten tunnelida tungi taktik mashqlar o‘tkazdi. Ushbu mashqlar mamlakat Mudofaa vaziri Boris Pistoriusning Rossiya hujumi avvalgi prognozlardan tezroq amalga oshishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlari fonida bo‘lib o‘tgan. Bu haqda “Der Tagesspiegel” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, haftalik manyovrlar davomida askarlar federal hukumatni himoya qilish, shartli diversantlarga qarshi jang olib borish, jarohatlanganlarni evakuatsiya qilish va cheklangan ko‘rish sharoitida harakat qilish bo‘yicha amaliyot o‘tkazgan.
Batalyon komandiri podpolkovnik Mayk Tayxgreber mashqlarning maqsadi “eng yomon ssenariy” sharoitida harakatlarni sinovdan o‘tkazish ekanini bildirgan. U, shuningdek, bunday mashqlar ketma-ket ikkinchi yil o‘tkazilayotganini, metro tunnelining tanlangan joy sifatida realistik ekanini, chunki inqiroz vaziyatida tunnel askar bo‘linmalarini tezda harakatga keltirish uchun ishlatilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Boris Pistorius Rossiya armiyasi NATO davlatlariga hujum qilish uchun hujum salohiyatini tiklashi 2029 yil emas, balki 2028 yilgacha amalga oshishi mumkinligini aytgan edi. Vazir Rossiya tahdidi 2022 yilda, Ukrainaga bosqin boshlangandan keyin kech anglanganini tan olgan. Shu bilan birga, u NATOning yadroviy salohiyatga ega ekanini, Yevropa qurolli kuchlari jangga tayyor bo‘lib, faqat qo‘shimcha jihozlashga muhtojligini ta’kidlagan.
Rossiyaning kutilmagan hujum qilishi mumkinligi haqida avval Germaniya qo‘shma operativ qo‘mondonligi rahbari, general leytenant Aleksandr Zolfrank ham gapirgan. U Moskvaning qarori Rossiya harbiy kuchi, jang tajribasi va G‘arb ittifoqchilar reaksiyasiga bog‘liq bo‘lishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hududida muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, Rossiya yetarli asosiy jang tanklari, havo kuchlari, bir nechta jangga tayyor flotlar va yadroviy qurolga ega.
Live
Barchasi