Berbok Isroilni G‘azodagi urush olovini pasaytirishga chaqirdi
Olam
−
08 yanvar
2694Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat yomonlashgani munosabati bilan Isroilni Falastin anklavidagi jangovar harakatlar darajasini pasaytirishga va u yerga gumanitar yordam yetkazish uchun ruxsat berishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 7 yanvar kuni Isroil Tashqi ishlar vaziri Israel Kats va Prezident Isxak Gersog bilan Quddusda bo‘lib o‘tgan muzokaradan so‘ng aytib o‘tdi.
"Begunoh odamlarni bu darajada azoblash mumkin emas. Bizga kamroq intensiv operatsiya kerak", deydi Berbok.
Vazirning aytishicha, Isroil armiyasi G‘azodagi tinch aholini himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilishi, juda ko‘p falastinliklarga zarar yetkazmasdan, HAMASga qarshi kurashish yo‘llarini topishi kerak.
Annalena Berbok bir necha Isroil vazirlari tomonidan ilgari surilgan G‘azo sektoridan falastinliklarni ko‘chirish tashabbusidan ham ogohlantirdi.
“G‘azo shubhasiz falastinliklarga tegishli”, degan Berbok.
Shu bilan birga, Germaniya Tashqi ishlar vaziri rasmiylarni xalqaro gumanitar huquq doirasida Isroilning o‘zini o‘zi himoya qilishi masalasiga to‘xtalgan.
"Biz Isroilni yer yuzidan yo‘q qilmoqchi bo‘lgan ko‘r-ko‘rona terrorga qarshi kurashda birdamligimizni bildiramiz", degan Berbok.
U HAMASni Isroilga hujumlarni to‘xtatishga va barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirgan.
"Agar HAMAS fanatik tarzda bu bema’ni kurashni davom ettirmaganida edi, urush allaqachon tugagan bo‘lardi", deya da’vo qilgan vazir.
Bundan tashqari, Berbok G‘arbiy Sohildagi radikal ko‘chmanchilar tomonidan zo‘ravonlik kuchayib borayotganidan ham xavotir bildirgan.
"Bu zo‘ravonlik darajasi 7 oktyabrdan beri sezilarli darajada oshdi. Bunga chek qo‘yilishi kerak", degan vazir Isroil armiyasining falastinliklarni himoya qilish mas’uliyatini eslatib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy aholi punktlari qurilishi mintaqadagi uzoq muddatli tinchlikka jiddiy to‘siqdir. Vazirning ta’kidlashicha, Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat muzokaralari asosida hal qilish ikki xalq uchun tinch-totuv yashashning yagona imkoniyatidir.
Ma’lumot uchun, bugun, 8 yanvar kuni Annalena Berbok G‘arbiy Sohilga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Tashrif doirasida Germaniya Tashqi ishlar vaziri isroillik ko‘chmanchilar zo‘ravonligidan jabr ko‘rgan falastinliklar bilan uchrashadi.
LiveBarchasi