Bemor va shifokorlar uchun muhim yangiliklar e’lon qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2022 yilda 136 ta va 2023 yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tayotgan muloqotida ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, 2023 yildan boshlab, joylardagi poliklinika filiallari negizida, 1 ming 100 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi. Shu tariqa qariyb 1 million nafar aholi tibbiy xizmat bilan qamrab olinadi.
Shuningdek, 2 mingdan ziyod olis va chekka mahallalarda tibbiyot punktlari ochiladi. Ular orqali olis va chekka hududlardagi 4 million nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

2021 yildan boshlab, boshqa joydan olis va chekka hududlarga kamida uch yil ishlab berish uchun kelgan shifokorlarga, 30 million so‘m miqdorida bir martalik rag‘bat puli to‘lash, ularni xizmat uyi bilan ta’minlash yoki ijara to‘lovini (oyiga 540 ming so‘m) byudjetdan qoplab berish tizimini joriy etilgan edi. 

Endi, “Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtiriladi va 2022 yil 1 maydan boshlab:

•    olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi; 

•    ushbu shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy byudjetlardan qoplab beriladi;

•    bundan buyon, olis va chekka hududda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor, klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadi.

“Yana bir masala – xabaringiz bor, iqlim va aholining turmush tarzi o‘zgarishi (kam harakatlik, noto‘g‘ri ovqatlanish) oqibatida, dunyoda asab tizimi, yurak-qon tomir, diabet kasalliklari tobora ko‘payib bormoqda.

Mamlakatimizda ham har yili shunday kasalliklarga uchragan yuz minglab bemorlar qayd etilmoqda. Lekin, tuman kasalxonalarida bunday kasalliklar bo‘yicha ёт́иб davolanadigan bo‘limlar yo‘qligi sababli, bemorlar viloyat va respublika shifoxonalariga borishga majbur bo‘lmoqda”, deydi davlat rahbari. 

Endi ana shu kasalliklar bo‘yicha, aholining o‘zi yashayotgan joyida ixtisoslashgan tibbiy yordam olish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Jumladan, 2022 yilda tuman markaziy shifoxonalaridagi o‘rinlarning 10 foizi nevrologiya, endokrinologiya, kardiologiya kasalliklari uchun ajratilib, byudjetdan moliyalashtiriladi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilda 20 foizga yetkaziladi.


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

206

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing