Belgiyada 1 aprel hazili tartibsizliklarni keltirib chiqardi

Olam

Kecha, 1 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hazil sabab Bryussel janubidagi Bua de lya Kambr bog‘ida tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Bu haqda “Euronews” nashri yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, parkda musiqiy festival o‘tkazilishi to‘g‘risidagi yolg‘on xabar tufayli ko‘p minglab odamlar xiyobon maydoniga yig‘ilgan. Mart oyining boshida ijtimoiy tarmoqlarda 1 aprel kuni Bua de lya Kambr parkida “La Boum” musiqiy festivali bo‘lib o‘tishi to‘g‘risida hazil xabarlar tarqalgan. O‘sha xabarlarda musiqiy festivalga butun Yevropadan 200 dan ortiq didjeylar taklif qilingani, bog‘da 5 ta sahna o‘rnatilishi va ishtirokchilarga qulay bo‘lishi uchun Parij, London va Amsterdamdan avtobuslar tashkillashtirilishi hamda bularning barchasi bepul bo‘lishi aytilgan.

Tarqatilgan e’lonlarda ushbu xabar hazil ekani haqida bir qator ko‘rsatmalar ham mavjud bo‘lgan. Biroq, bu vaziyatni tinch saqlab qolmadi va kunning ikkinchi yarmiga kelib, parkda 5 mingdan ortiq odam to‘plandi. Beshta sahnani topolmagan yoshlar, bog‘ning markazida joylashgan suv havzasi atrofida guruhlanib, dam olishni uyushtira boshlagan. Yig‘ilganlar karnaylar olib kelib, musiqiy festivalni o‘zlari mustaqil tashkillashtirgan.

Oradan bir soat vaqt o‘tib, parkka tashrif buyurgan politsiya raqsni to‘xtatib qo‘ygan. Ular dastlab, yig‘ilganlar karantin me’yorlarini buzyotgani haqida xabar berib, tarqalishni so‘ragan. Bunga javoban raqsga tushayotganlar ozodlik haqidagi shiorlarni aytib, politsiya xodimlariga idish va butilkalarni uloqtirgan. 

Shundan so‘ng, voqea joyiga suv purkagich avtomobillar va otliq politsiya yetib kelib, parkda yig‘ilganlarni tarqalishga majbur qilgan. Ushbu hodisa oqibatida bir necha kishi hibsga olingan va  bir nafar politsiya xodimi jarohatlangan.

Ma’lumot o‘rnida, Belgiyada koronavirusning uchinchi to‘lqini davom etmoqda, mart oyining boshidan beri kasallanishlar soni ko‘paymoqda. Qirollik Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi haftada o‘rtacha kunlik aniqlangan yangi holatlar soni 4,8 mingdan oshgan. 26 martdan boshlab mamlakatdagi barcha do‘kon va maktablar qayta yopilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing