Belgiya va Eron bahsida g‘olib aniqlanmadi
Sport
−
02:11 3619 1 daqiqa
Bugun, 21 iyun kuni 2026 yilgi Jahon chempionatining “G” guruhi 2-turidan o‘rin olgan Belgiya va Eron terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bahs 0:0 hisobidagi durang bilan tugadi.
AQSHning Inglvud shahridagi “SoFay” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni argentinalik hakam Dario Errera boshqarib bordi. O‘yinning 25-daqiqasida eronlik hujumchi Mehdi Taremi to‘pni darvozaga joylab, hisobni ochgandi. Biroq VAR tekshiruvidan so‘ng gol inobatga olinmadi.
67-daqiqada Belgiya terma jamoasi maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi. Natan Ngoy qizil kartochka olib, o‘yinni muddatidan avval tark etdi. Shunga qaramay, eronliklar son jihatidan ustunlikdan foydalana olmadi va bahs hisob ochilmagan holda yakunlandi.
Ushbu natijadan so‘ng Belgiya va Eron hisobida ikkitadan ochko mavjud bo‘lib, jamoalar guruh peshqadamlari bo‘lib turibdi. Guruhdagi yana ikki ishtirokchi — Yangi Zelandiya va Misr hisobida esa bittadan ochko bor. Ular o‘zaro bahsni 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:00 da o‘tkazadi.
Guruh bosqichining so‘nggi turida Belgiya Yangi Zelandiyaga qarshi maydonga tushadi, Eron esa Misr bilan bahs olib boradi.
Live
Barchasi