Belgiya 108 mln dollarni O‘zbekistonga qaytarmoqchi

Jamiyat

image

Joriy yilning 28 mart kuni Bryussel prokuraturasi Musodara qilingan mol-mulkni boshqarish markaziga (COIV) jami 108 million dollarni Belgiyaning davlat g‘aznasi hisob raqamiga o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma yubordi. Ushbu mablag‘ Belgiyaning foydasiga musodara qilingan. Bu haqda Bryussel prokuraturasi saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda telekommunikatsiya shartnomalarini berishda korrupsiya va noqonuniy komission to‘lovlar hamda ularning pul yuvish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari bo‘yicha olib borilgan tergov doirasida O‘zbekiston sud organlari xalqaro huquqiy yordam so‘roviga binoan Bryussel prokuraturasiga murojaat qilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasi asosida berilgan xalqaro xizmat ko‘rsatish buyrug‘iga ko‘ra, Belgiya hududida O‘zbekiston rasmiylarining so‘rovi asosida 200 million dollar musodara qilingan.

Bryussel prokuraturasining talabiga binoan, sud jinoyat yo‘li bilan olingan mablag‘larni ikkala davlat o‘rtasida taqsimlash kerak degan xulosaga kelgan. Bu qaror Yevropa Ittifoqining ikki a’zo davlati o‘rtasida musodara qilingan mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha mavjud qonuniy mexanizmga o‘xshash prinsip asosida qabul qilingan.

Ushbu sud qaroriga muvofiq, 108 million dollar O‘zbekistonga o‘tkazilishi belgilangan. Biroq bayonotda mazkur mablag‘larning qaysi jinoyat va kim bilan bog‘liq ekani oshkor qilinmagan.

Ma’lumot uchun, mazkur pullar Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lishi mumkin. Chunki, u 2023 yilda xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun pora olganlikda aybdor deb topilgan. Bundan tashqari, 2022 yilda O‘zbekiston Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov Belgiyadan Karimovaning 240 mln dollarlik aktivlarini qaytarishni rejalashtirayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston tomonidan Adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” imzolangandi. Bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan.

Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi. Mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” Ko‘p sheriklik trast Jamg‘armasi orqali qaytariladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Bel'giya Bryussel' prokraturasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing