Bayrutda 10 minglab odam Nasrullohning dafn marosimida qatnashdi (video)
Olam
−
23 fevral
12260Bugun, 23 fevral kuni Bayrutda “Hizbulloh” harakatining sobiq yetakchisi Hasan Nasrullohning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Livan poytaxti chekkasida joylashgan Camille Chamoun Sports City stadionida o‘tkazilgan marosimga o‘n minglab odamlar tashrif buyurgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Hasan Nasrullohning dafn marosimi Livanda so‘nggi yigirma yillikdagi eng yirik marosimdir. Unda mintaqaning bir qator rasmiylari, jumladan, Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf va Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ishtirok etishi kutilmoqda. Bundan tashqari, marosimda Livan oliy mansabdor shaxslari, jumladan parlament spikeri hamda mamlakat Prezidenti va Bosh vaziri vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
“Hizbulloh” voizi Ali Daamush jurnalistlarga dafn marosimida minglab fuqarolar va faollardan tashqari 65 davlatdan 800 ga yaqin mehmon ishtirok etishini aytgan.
“Hizbulloh”ning yangi rahbari, ilgari Nasrullohning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Naim Qosim bugun, 23 fevral kuni televideniye orqali harakat o‘zining sobiq rahbari “yo‘lidan borishda davom etishini” aytdi.
“Men Nasrulloh merosiga sodiqman”, deb ta’kidladi uning vorisi.
Ayni paytda Isroil rasmiylari “Hizbulloh”ga xabar yuborish niyatida ekanini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan motam marosimida Isroil harbiy samolyotlari Bayrut osmonida parvoz qildi.
“Hasan Nasrullohning dafn marosimi paytida Bayrut ustidan uchayotgan Isroil havo kuchlari samolyotlari Isroilni yo‘q qilish bilan tahdid qilgan yoki Isroilga hujum qiladigan har bir kishiga aniq xabar yuboradi: Bu ularning oxirgi ishi bo‘ladi”, dedi Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats.
Ma’lumot uchun, “Hizbulloh”ga 30 yildan ortiq rahbarlik qilgan Hasan Nasrulloh 2024 yil 27 sentyabr oqshomida harakatning Bayrut janubidagi shtab-kvartirasiga Isroil havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan. Bir necha kundan keyin Nasrullohning vorisi deb atalgan Hasan Nasrullohning amakivachchasi Hoshim Safiuddin ham o‘ldirildi.
Isroil 2024 yil sentyabr oyining ikkinchi yarmida “Hizbulloh”ga qarshi “harbiy operatsiya” boshladi. Isroil havo hujumlarida guruhning bir qancha yetakchilari halok bo‘ldi. Shu bilan birga, Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil havo hujumlari paytida yuzlab odamlar, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan.
LiveBarchasi