Baydenning yordamchisi “qora shahzoda” bilan strategik kelishuvni muhokama qildi

Olam

image

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud va AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan Ar-Riyod va Vashington o‘rtasida strategik kelishuvni tayyorlash masalasini muhokama qildi. Bu haqda Saudiya matbuot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Saudiya Arabistonining Dahron shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar ish nihoyasiga yetkazilayotgan bunday kelishuvning “yarim final versiyasi”ni ko‘rib chiqqan. Bildirilishicha, hujjat ustida ishlash Falastin masalasiga ham tegishli va ikki davlat qarorini amalga oshirishga qaratilgan. Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Oq uy vakili mintaqadagi so‘nggi o‘zgarishlar, G‘azo sektoridagi vaziyat va janglardan jabr ko‘rgan aholi uchun Falastin anklaviga gumanitar yordam yetkazish zaruriyatini ham muhokama qilgan.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining ma’lum qilishicha, bugun, 19 may kuni Sallivan Isroil rahbariyati vakillari, jumladan, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. “Axios” portalining yozishicha, AQSH ma’muriyati Isroil bilan Rafahdagi harbiy amaliyotlarning kengayishi delegatsiyaning Yaqin Sharqqa tashrifidan oldin sodir bo‘lmasligi haqida kelishuvga erishgan.

Ta’kidlash joizki, 29 aprel kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ar-Riyoddagi Jahon iqtisodiy forumining maxsus sessiyasida Ar-Riyod va Vashington so‘nggi oylarda Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha faol ish olib borayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi mojaroni hal etish va Falastin davlatini tuzish qarorini amalga oshirish buning uchun asosiy shartlardir.

Ma’lumot uchun, Ar-Riyod Vashington bilan mudofaa shartnomasini tuzish uchun muzokaralar olib bormoqda. Xavfsizlik kafolatlarini olgan Saudiya Arabistoni Isroil bilan to‘liq diplomatik munosabatlar o‘rnatishi mumkin. Ehtimoliy muqobil sifatida Vashington Ar-Riyodga “NATO bo‘lmagan yirik ittifoqchi” maqomini taklif qilishga yoki AQSH va Bahrayn o‘rtasidagi kelishuvga o‘xshash shartnoma tuzishga tayyor. Bu shartnomada davlatlar harbiy-texnikaviy va razvedka sohalarida hamkorlik qilishga va ikki tomonlama maslahatlashuvlardan so‘ng “har qanday tashqi tajovuzga” qarshi turishga kelishib oldi. Bundan tashqari, kelishuv Saudiya Arabistonining yadroviy dasturini yaratishda Amerika yordamini ham nazarda tutishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Saudiya Arabistoni Jeyk Sallivan Muhammad bin Salmon Ol Saud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing