Baydenning nutqi Xitoyni g‘azablantirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Baydenning Xitoy va Si Szinpin haqidagi so‘zlari diplomatik odob-axloq qoidalarini mas’uliyatsiz ravishda buzish hisoblanadi. Bu haqda bugun, 9 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning ma’lum qildi.

“Amerika tomonining bunday bayonotlari o‘ta mas’uliyatsizlik, ular diplomatik odob-axloqning asosiy me’yorlarini ham buzadi. Xitoy bu borada jiddiy va keskin norozilik bildiradi”, deydi TIV vakili.

Xitoyning bunday noroziligiga AQSH Prezidenti Jo Baydenning kecha, 8 fevral kuni Amerikaning PBS telekompaniyasiga bergan intervyusi sabab bo‘lgan. U intevyuda o‘tgan yozda Xitoy rahbari Si Szinpin, agar Pekin Ukrainadagi urushda Moskvani qo‘llab-quvvatlasa, mamlakatga G‘arb sarmoyasini to‘xtatish imkoniyati haqida ogohlantirganini aytgan.

“Bu tahdid emas, bu eslatma. Qarang, Rossiyaga nima bo‘ldi. McDonald's’dan tortib Exxon Mobil’gacha 600 dan ortiq Amerika korporatsiyalari Rossiyani tark etdi. Siz menga har doim AQSH va Yevropa Xitoyga sarmoya kiritishi uchun ular bilan aloqalar o‘rnatish kerak, deb aytgansiz. Xo‘sh, agar siz xuddi shu ish bilan shug‘ullansangiz, Xitoyga kim sarmoya kiritadi?”, degan Jo Bayden.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq ikki davlat orasidagi munosabatlar AQSH osmonida Xitoyga tegishli havo shari kuzatilgani ortidan yomonlashgandi. Undan razvedka maqsadlarida foydalanilgani gumon qilinib, AQSH harbiylari tomonidan urib tushirilgan edi. Xitoy esa bu havo shari ilmiy maqsadlarda ishlatilgani, shamol natijasida yo‘nalishini o‘zgartirganini aytgan edi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing