Baydendan “bomba ayblov”: U “qora shahzoda”ni Qoshiqchining “qotili” deb atadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan kecha, 15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda uni jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishida javobgar deb hisoblashini aytdi. 

Bayden Jiddada Saudiya Arabistoni rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi, unda, xususan, mamlakatning bo‘lajak qiroli ishtirok etdi.  

“Biz inson huquqlari va siyosiy islohotlar zarurligini muhokama qildik. Har doimgidek, men bu mavzu men uchun ham, Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun ham juda muhim ekanligini aniq aytdim. Qoshiqchining o‘ldirilishiga kelsak, men bu masalani uchrashuv boshidayoq ko‘tarib, o‘shanda bu haqda nima o‘ylaganimni va hozir nima deb o‘ylayotganimni aniq tushuntirdim”, deydi Bayden jurnalistlar bilan muloqotda.  

Shunda jurnalistlardan biri Saudiya valiahd shahzodasi uning so‘zlariga qanday munosabat bildirganini so‘radi.  

“U, asosan, buning uchun shaxsan javobgar emasligini aytdi. Men nima deb o‘ylaganimni ta’kidladim. U shaxsan javobgar emasligini takrorlab, aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rganini ham aytdi”, deb javob berdi Bayden. 

Bundan avvalroq, marhum jurnalist Jamol Qoshiqchining qallig‘i Hadicha Chengiz Bayden va valiahd shahzoda uchrashuviga munosabat bildirib, shahzodaning navbatdagi qurboni qoni Baydenning qo‘lida bo‘lishini aytgandi. Prezident bu gapga quyidagicha munobat bildirdi. 

“Agar u shunday deb o‘ylasa, afsusdaman. Men o‘shanda ham rostgo‘y bo‘lganman, hozir ham shunday. Men bu yerga valiahd shahzoda bilan uchrashish uchun emas, Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi sammitida qatnashish, xavfsizlik masalalari va erkin dunyo ehtiyojlarini muhokama qilish uchun kelganman”, deydi Bayden.

Keyinroq AQSH Prezidenti Saudiya Arabistonini Qoshiqchining o‘ldirilishi munosabati bilan “g‘ayrioddiy davlat”ga aylantirish haqidagi ilgari qilgan tahdidlaridan afsuslanmasligini ta’kidladi.

"Men aytganimdan afsuslanmayman", deydi Vashington ma’muriyati rahbari. 

Matbuot anjumani yakunida Bayden jurnalistlardan birini Qoshiqchining o‘ldirilishi kabi voqea boshqa takrorlanmasligiga qanday ishonch hosil qilish mumkinligini so‘ragani uchun tanqid qildi.

“Qanday ahmoqona savol! Bunga qanday ishonch hosil qilishim mumkin? Shunchaki, shunga o‘xshash narsa yana takrorlansa, ular bir xil va undan ham ko‘proq javob olishlari aniq”, deydi Prezident.

Qayd etilishicha, Oq uy rahbari inson huquqlari buzilishi haqida gap ketganda, jim turolmaydi. 

Ma’lumot o‘rnida

Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Qoshiqchi 2017 yildan beri AQSHda yashab, “The Washington Post” gazetasida ishlagan. U 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z mamlakatining Istanbuldagi bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini xabar qildi. 

Saudiya Arabistoni Bosh prokurori 2018 yil 15 noyabrda tergovning dastlabki natijalarini e’lon qildi: qirollikning 11 fuqarosi qotillikka aloqadorlikda ayblanib, ulardan besh nafari o‘lim jazosiga mahkum etildi. 

O‘tgan yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi. 

Istanbul prokuraturasi esa Qoshiqchini o‘ldirishda gumon qilingan 20 kishiga qarshi da’vo arizasini tayyorladi. Unda ularga umrbod qamoq jazosi talab qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Jo Bayden

Baholaganlar

341

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing