Bayden Putinning sulh borasidagi taklifiga munosabat bildirdi
Olam
−
06 yanvar 2023
11380Prezident Jo Baydenning fikricha, 10 oylik to‘qnashuvlardan keyin Putinning Ukrainaga qarshi urushi va minglab odamlarning qurbon bo‘lishi Rossiya Prezidentini 36 soatlik sulh taklif qilishga undagan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
"Men Putinning har bir fikriga munosabat bildirishni istamayman. Menga uning 25 dekabr va Yangi yilda kasalxonalar, bolalar bog‘chalari va cherkovlarni bombardimon qilishga tayyorligi qiziq tuyulgandi. Aytmoqchimanki, u biroz nafas rostlashga harakat qilmoqda", deydi Bayden jurnalistlarga bergan intervyusida.
Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov AQSH ma’muriyatini siyosiy kelishuvga qarshilik qilishda ayblab, “hatto bir tomonlama e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini ham nafas rostlashga urinish sifatida” baholanayotganini qo‘shimcha qildi.
“Bunga sabab Vashington biz bilan oxirgi ukrainalik qolgunicha jang qilishga ahd qilganini anglatadi va Ukraina xalqi taqdiri amerikaliklarni umuman tashvishga solmaydi”, deydi Antonov elchixonaning Facebook’dagi sahifasida OAVga javob sifatida berilgan bayonotida.
Avvalroq Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga 6 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 12:00 dan 7 yanvar kuni soat 24:00 ga qadar Ukrainadagi barcha o‘zaro to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishni buyurgani haqida xabar berilgandi. Putin mazkur buyruqni Rossiya cherkovi rahbari, Moskva patriarxi Kirillning Rojdestvo sulhiga chaqiruvidan so‘ng bergan.
Rossiyaning Rojdestvo munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatish taklifidan Ukraina voz kechdi va Moskva bosib olingan yerlardan dushman askarlarini olib chiqmaguncha sulh tuzilmasligini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, bu 10 oydan ortiq davom etgan, o‘n minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va Ukrainaning katta hududlarini vayron qilgan urush jarayonidagi birinchi yirik sulh bo‘ladi.
LiveBarchasi