Bayden musulmonlarni Ramazon bilan tabriklab, ularni himoya qilishda davom etishini aytdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden barcha musulmonlarni muborak Ramazon oyi boshlanishi bilan tabrikladi va ularga nisbatan xurujlarga chek qo‘yishga chaqirdi. Bu haqda “Anadolu” xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bayden Xitoydagi uyg‘urlar, Arakan shtatidagi rohinja musulmonlari va dunyodagi barcha musulmonlarning huquqlarini himoya qilishda davom etishga va’da bergan.

“Turmush o‘rtog‘im Jil bilan birgalikda AQSH va butun dunyodagi musulmon jamoalariga eng samimiy tabrik va tilaklarimizni yo‘llamoqchimiz. Ramazon muborak!”, deydi Bayden.

Shuningdek, Oq uy rahbari bu yilgi pandemiya tufayli odamlar Ramazonda iftorlik uchun qarindoshlari va do‘stlari bilan yig‘ilish imkoniyatidan mahrum bo‘lganini esladi.

“Ammo musulmonlar ma’rifat oyini yangi umidlar bilan boshlashmoqda”, deydi AQSH Prezidenti.

Bayden AQSHdagi musulmonlar doimo mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shganlariga e’tibor qaratgan.

Xususan, u yangi turdagi koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani yaratishda musulmonlarning katta rol o‘ynaganini ma’lum qilgan.

“Musulmonlar tadbirkorlik, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, ta’lim va davlat xizmatlari kabi sohalarda muhim rol o‘ynaydi. Ammo musulmonlar hanuzgacha qo‘rqitish, mutaassiblik va nafrat jinoyatlarining nishonidir. Bu qabul qilib bo‘lmaydigan va to‘xtatilishi kerak bo‘lgan vaziyat hisoblanadi. Amerikada hch kim o‘z e’tiqodi sabab qo‘rquvda yashamasligi kerak”, deya ta’kidlagan Oq uy rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Jo Bayden lavozimiga kirishishi bilan bir qator musulmon davlatlari fuqarolarining AQSHga kirishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Musulmonlarni mamlakatga kiritshni cheklash to‘g‘risidagi qaror Baydenning salafi Donald Tramp tomonidan qabul qilingan. Prezident ushbu qarorni bekor qilgani bilan faxrlanishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, Bayden musulmonlarni umid kunlari kutayotganini ta’kidlagan.

Amerika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi Ramazon tantanalari Oq uyda onlayn tarzda o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

73

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing