Bayden Kiyevga 200 mln dollar yordam ajratdi
Olam
−
13 dekabr 2023
3780AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 200 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqladi. Bu haqda Baydenning o‘zi kecha, 12 dekabr kuni Oq uyning Oval kabinetida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Bayden AQSH Kongressini Ukrainaga 60 milliard dollardan ortiq yordam paketini blokirovka qilishdan qattiq ogohlantirdi.
O‘z navbatida, Prezident Zelenskiy Baydenga Kongress Kiyevga yangi yordam ko‘rsatishni to‘sib qo‘ygan bo‘lsa-da, uning mamlakati hali ham Rossiyaga qarshi urushda g‘alaba qozonishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev yordamga kamroq bog‘lanib qolmoqda va qo‘shinlar “Ukraina g‘alaba qozona olishini har kuni isbotlayapti”.
Shuningdek, u AQSHning Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlashdagi yordamini olqishladi.
Ayni paytda, Senatdagi Respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell, Kongressning Rojdestvo oldidan 60 milliard dollarlik yordam paketini qabul qilishi, hatto yaqin kunlarda kelishuvga erishilgan taqdirda ham, “deyarli imkonsiz” ekanini aytmoqda.
Zelenskiy AQSHga tashrifi chog‘ida AQSH Senati a’zolari bilan yopiq eshiklar ortida uchrashgan va ularni Ukrainaga qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullashga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Senatidagi uchrashuv “do‘stona va samimiy” o‘tgan.
“Bu Ukrainaning mustaqillik, erkinlik va demokratiya uchun kurashda qo‘llab-quvvatlanishining muhim tasdig‘idir”, deb yozdi Vladimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u senatorlarga Ukrainadagi xavfsizlik va iqtisodiy vaziyatni bayon qilgan va “Amerikaning hayotiy yordamini saqlab qolish” zarurligini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Senatdagi Demokratik partiya yetakchisi Chak Shumer senatorlarning Zelenskiy bilan uchrashuvini “juda kuchli” deb atadi. Uning aytishicha, Ukraina rahbari o‘z mamlakatining ehtiyojlari va AQSHdan Ukrainaga mumkin bo‘lgan yordam variantlarini “mufassal tushuntirib bergan”, shuningdek, bu yordam Kiyevning g‘alaba qozonishiga qanday yordam berishi mumkinligini tushuntirgan.
Ma’lumot uchun, oktyabr oyida Bayden Kongressga Ukrainaga bir yilga 61,4 milliard dollar, shuningdek, Isroil mudofaasini mustahkamlash uchun 14,3 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilgan. Qonunchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelishmagan.
LiveBarchasi