Bayden G‘arbiy Sohildagi yahudiy ko‘chmanchilarga sanksiya kiritdi
Olam
−
02 fevral
5527AQSH Prezidenti Jo Bayden bosib olingan G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik qilgan ekstremist yahudiy ko‘chmanchilarga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi prezident farmonini imzoladi. Bu haqda Oq uy yozma bayonot berdi.
Farmonga ko‘ra, bosib olingan G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik qilgan ekstremist yahudiy ko‘chmanchilar AQSH ma’muriyati tomonidan sanksiyalarga tortiladi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar Amerika moliya tizimida operatsiyalarni amalga oshira olmaydi, bu davlatga viza ololmaydi, ularning AQSHdagi aktivlari, agar mavjud bo‘lsa, muzlatiladi va Amerika fuqarolariga bu odamlar bilan biznes qilish taqiqlanadi.
Tegishli bayonotida Bayden, Qo‘shma Shtatlar G‘arbiy Sohilda xavfsizlik va barqarorlikning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun bu qadamni tashlaganini ta’kidlab, mintaqada falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik harakatlarini qabul qilib bo‘lmasligini bildirgan.
Oq uy rasmiysining aytishicha, ism-sharifi oshkor etilmagan to‘rt nafar shaxs allaqachon farmonda nazarda tutilgan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda Isroil kuchlari va noqonuniy yahudiy ko‘chmanchilarning hujumlari oqibatida kamida 381 falastinlik halok bo‘ldi.
LiveBarchasi