Bayden Balida Putin bilan uchrashmoqchi
Olam
−
06 Oktabr 2022
13507AQSH Prezidenti Jo Bayden G20 yetakchilarining Balidagi navbatdagi uchrashuvida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi mumkinligini ma’lum qildi. Qiziqarli jihati, Vashington Ukraina Prezidentining sammitda ishtirok etishini talab qildi, garchi u G20 ga kirmasa ham. Bu haqda RBK agentligi xabar bermoqda.
G20 sammiti (eng rivojlangan va rivojlanayotgan iqtisodiyotiga ega mamlakatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi davlatlari, AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Braziliya, Saudiya Arabistoni va boshqalarni birlashtiradi) 15-16 noyabr kunlari Balida bo‘lib o‘tadi. Indoneziya aprel oyida G20 yetakchilariga taklif yubordi. Ukraina assotsiatsiyaga a’zo bo‘lmasa-da, tadbirga Prezident Vladimir Zelenskiy ham taklif etilgan.
Prezident Vladimir Putin 21 sentyabr kuni Rossiyada qisman safarbarlik boshlanganini e’lon qilgan telemurojaatida G‘arb tomonidan “yadroviy shantaj” qo‘llanilayotganini aytdi. Misol tariqasida Prezident NATOning yetakchi davlatlari ayrim yuqori martabali vakillarining Rossiyaga qarshi ommaviy qirg‘in qurollarini qo‘llash imkoniyati va joizligi haqidagi bayonotlarini keltirdi.
“Mamlakatimizning hududiy yaxlitligiga tahdid tug‘ilganda biz, albatta, Rossiya va xalqimizni himoya qilish uchun qo‘limizdagi barcha vositalarni ishga solamiz. Bu shunchaki gap emas”, dedi Putin.
Moskva ham, Oq uy ham Rossiya va AQSH Prezidentlarining G20 sammitidagi uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha aniq ma’lumotlarni e’lon qilmagan.
Yakkama-yakka uchrashuv va muzokaralar mumkinmi, degan savolga Bayden: “Ko‘ramiz”, deb javob berdi.
2022 yil iyul oyida Rossiya Indoneziyaga Prezident Vladimir Putinning G20 sammitida qatnashish niyati haqida xabar bergan edi.
“Ishtirok etish formati jahondagi ayni vaziyatning istiqboli va Janubi-Sharqiy Osiyodagi sanitariya-epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda aniqlanishi kerak”, deyiladi xabarda.
Musulmon Ziyo
LiveBarchasi