Bayden Afg‘onistonning muzlatilgan pullarini qaytarish haqida qarorni imzoladi, ammo…

Olam

image

AQSH Prezidendi Jozef Bayden Afg‘onistondagi “Tolibon” qo‘liga o‘tishi ortidan mamlakatning muzlatilgan pullarini qaytarish haqidagi hujjatga imzo chekdi. Bu haqda kecha, 11 fevral kuni Oq uy o‘zining rasmiy bayonotida ma’lum qilgan. 

Bildirilishicha, AQSH tomonidan muzlatilgan pullardan ajratilayotgan 7 milliard dollar atrofidagi mablag‘ning yarmi ocharchilikdan aziyat chekayotgan afg‘on halqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun ajratiladi. 

Qolgan yarmi esa, 2001 yil 11 sentyabr kuni Nyu-Yorkda uyushtirilgan 9/11 terroristik hujum oqibatida qurbon bo‘lgan amerikaliklarning oila a’zolariga kompensatsiya tariqasida tarqatiladi.  

Prezident Bayden tomonidan imzolangan hujjatda qayd etilishicha, “AQSH ma’muriyati afg‘on xalqi manfaati va Afg‘oniston kelajagi uchun hozirda Nyu-York Federal rezerv tizimida saqlanayotgan afg‘on aktivlaridan 3,5 milliard dollarga yaqin mablag‘larni Afg‘onistonga qaytaradi”.

Qayd etilishicha, mablag‘lar AQSH sudining qaroriga asosan ajratiladi.

Bundan tashqari, ajratilayotgan mablag‘larning qolgan yarmi, ya’ni 3,5 milliard dollar AQSHda saqlab qolinadi va Afg‘oniston terroristik guruhlari tomonidan uyushtirilgan 9/11 terakti oqibatida halok bo‘lganlarning sudda “Tolibon” ustidan bir necha bor g‘alaba qozongan yaqinlariga beriladi.   

Ta’kidlanishicha, ushbu fuqarolar Afg‘onistonning mablag‘lariga haqqoniy tarzda ega va mablag‘ ularga sud qarori bilan beriladi. 

Oq uyga ko‘ra, afg‘on xalqiga yuborilayotgan mablag‘larning har qanday yo‘l bilan “Tolibon” qo‘liga tushib qolishi qattiq nazorat qilinadi. 

2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda boshqaruv “Tolibon” tomonidan egallab olinishi ortidan, xalqaro tashkilotlar va moliya jamg‘armalari Afg‘nistonga tegishli bo‘lgan 10 millard AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni muzlatib qo‘ygan. Ushbu mablag‘larning 7 millard dollar atrofidagi qismi AQSHda saqlanayotgan edi. 

Hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” AQSH va xalqaro tashkilotlardan Afg‘onistonning muzlatilgan pullarini afg‘on xalqiga qaytarishni talab qilib kelayotgan edi. “Tolibon” pullarni qaytarish va afg‘on xalqiga ko‘rsatib kelingan gumanitar yordamlarni yana qayta yo‘lga qo‘yish borasida BMT va AQSH hukumati bilan bir necha bor muzokaralar olib borgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy muammolar qurshovida bo‘lgan Afg‘oniston “Tolibon” hukumatni egallashidan avval 75 foiz oziq-ovqatni xalqaro donorlardan gumanitar yordam sifatida qabul qilgan. Hukumat “Toliblar” qo‘liga o‘tgach, deyarli barcha xalqaro yordamlar to‘xtatilgan edi.

BMTga ko‘ra, 2022 yilda mamlakatning 95 foiz aholisi jiddiy ocharchilikni boshidan kechirishi taxmin qilinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

329

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing