Bashar Asadning amakisi Shveysariyada “urush jinoyatlari”da ayblandi
Olam
−
13 mart
4840Shveysariya federal prokurorlari Suriyaning amaldagi Prezidenti Bashar Asadning amakisi Rifat Asad ishini sudga olib chiqib, uni 1982 yilda harbiy qo‘mondon sifatida urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda aybladi. Bu haqda Shveysariya Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.
Suriya sobiq vitse-prezidenti Rifat Asad 1982 yilda Xama shahrida qo‘shinlarni boshqargan vaqtida “o‘ldirish, qiynoqlar, shafqatsiz muomala va noqonuniy hibsga olishga buyruq berganlikda” ayblanmoqda.
“Reuters” xabariga ko‘ra, qoralovchilar Rifat Asadni shahardagi islomiy qo‘zg‘olonni bostirishdagi roli uchun “Xama qassobi” deb atamoqda. Shveysariya federal prokurorlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, mojaroda 3000 dan 60 000 gacha odam, asosan tinch aholi halok bo‘lgan.
Rifat Asadning o‘zi avvalroq Xamadagi tinch aholi o‘limi uchun javobgarlikni rad etgan.
Ma’lumot uchun, Rifat Asad o‘z akasi Hofiz Asadni prezidentlikdan ag‘darishga uringani uchun 30 yildan ortiq Fransiyada muhojirlikda yashagan. Suriyaning amaldagi rahbari amakisining mamlakatga qaytishiga ruxsat bergan va Rifat Asad hozir Suriyada yashayapti.
LiveBarchasi