“Barselona” YeCHLdagi durrang alamini “el-klasiko”dan chiqarmoqchi

Sport

image

Kecha, 12 oktyabr kuni futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining 4-turi doirasida “Barselona” o‘z maydonida “Inter”ni qabul qildi va 3:3 hisobida durrang o‘ynadi. “Ko‘k anorranglilar” bosh murabbiyi uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoasi o‘yinni nazorat qilganini, biroq ikkinchi bo‘limda elementar xatolarga yo‘l qo‘yilganini aytdi. Bu haqda Xavining so‘zlariga tayanib, “Marca” nashri xabar berdi.

“Birinchi bo‘lim yaxshi o‘tdi. Biz tashqaridan va ichkaridan hujum qildik. O‘yinga yaxshi tayyorlangandik. Biz markaz orqali hujum qilmadik. O‘yin nazorat ostida o‘tdi. Ikkinchi bo‘lim elementar xatolardan iborat bo‘ldi. Birinchi gol bizni ruhiy jihatdan muvozanatdan chiqarib yubordi. Ikkinchi golda oddiy vaziyatda xatoga yo‘l qo‘ydik. Bunday holat elita jamoalar bilan sodir bo‘lishi mumkin emas. Biz ishondik va harakat qildik. Lekin g‘alaba qozonishning iloji bo‘lmadi. Agar o‘z uyingda "Inter"ni mag‘lub etmasang, bunga (CHLning guruh bosqichidan chiqishga – tahr.) loyiq emassan. Bizda kam imkoniyat bo‘lsa ham, raqobatda davom etmiz. YeCHLda keyingi bosqichga chiqish uchun oz bo‘lsa-da, umid bor. Lekin bu sodir bo‘lishi qiyin”, degan ispaniyalik murabbiy.

Xavining qo‘shimcha qilishicha, “Barselona” 16 oktyabrga qadar tiklanadi va o‘sha kuni bo‘lib o‘tadigan "el-klasiko"da “Real Madrid”ni mag‘lub etishga harakat qiladi.

“Bu juda qattiq zarba bo‘ldi. Buni qabul qilish og‘ir edi. Endi biz “Real Madrid” haqida, "el-klasiko" haqida o‘ylashimiz kerak. Yakshanbaga (16 oktyabr) qadar tiklanishga ulguramiz va "Real Madrid"ni "Santyago Bernabeu"da mag‘lub etishga harakat qilamiz. Oldinda boshqa musobaqalar bor. Biz Chempionlar ligasini keyinga qoldiramiz va bor e’tiborimizni La Ligaga qaratamiz. Unda biz peshqadam bo‘lib qolmoqchimiz. Chempionlar ligasida xatolarimiz tufayli eng yaxshi versiyamizni ko‘rsata olmadik”, degan “Barselona” ustozi.

Shuningdek, “ko‘k anorranglilar”ning ustozi “Inter”ga qarshi o‘yinda yo‘l qo‘yilgan barcha xatolarni o‘z zimmasiga olgan.

Ma’lumot uchun, “Barselona” Chempionlar ligasida “C” guruhidan joy olgan. Ortda qolgan 4 ta turdan keyin, 12 ochko to‘plagan “Bavariya” guruhda yetakchilik qilmoqda. “Inter” 7 ochko bilan ikkichi, 4 ochkoga ega “Barsa” esa uchinchi bo‘lib turibdi. “Viktoriya Plzen”ning hisobida ochko mavjud emas.

5-tur uchrashuvlari joriy yilning 26 oktyabr sanasiga belgilangan. O‘sha kuni “Bavariya” “Barselona”ning mehmoni bo‘lsa, “Inter” o‘z maydonida “Viktoriya Plzen”ni qabul qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

EChL Xavi Barselona” “Inter”

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing