“Barselona” tarixida ilk bor 1 milliard yevrodan ortiq daromad oldi

Sport

image

Ispaniyaning “Barselona” klubi tarixida ilk bor bir moliyaviy yil davomida 1 milliard yevrodan ortiq daromad oldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berildi.

Kataloniyaliklar 2024-2025 mavsumida 994 million yevro daromad olgan edi. 2025-2026 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 1 milliard yevrodan oshdi. Daromad o‘sishida “Kamp Nou” stadionidan foydalanishning tiklanishi, homiylik shartnomalari va klub mahsulotlari savdosining rekord darajaga chiqishi muhim omil bo‘ldi.

Klubning 2025-2026 mavsumi uchun dastlabki byudjeti 1,075 milliard yevro daromadni ko‘zda tutgan edi. Unda stadionga qaytish hisobiga qo‘shimcha 50 million yevro atrofida daromad olinishi va merchandayzing tushumlarini qariyb 200 million yevroga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu tariqa, bir necha yil avval jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan “Barselona” iqtisodiy tiklanish yo‘lida muhim bosqichni bosib o‘tdi. Klub 2018 yilda 1 milliard yevro daromad olishni strategik maqsad sifatida belgilagan edi.

Ayni paytda “Barselona” prezidenti Joan Laporta rahbarligida klubning moliyaviy holati yaxshilanmoqda. Laporta 2026 yilda yana prezident etib saylangan va yangi vakolat muddati 2031 yilgacha davom etadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing