“Barselona” prezidenti: “Men nima bo‘lganini bilmayman”
Sport
−
08 may 2019
7201“Barselona” klubi prezidenti Xosep Mariya Bartomeu jamoaning Chempionlar ligasi yarim finalida “Liverpul” ga qarshi ikkita uchrashuvdan so‘ng o‘z jamoasining turnirni tark etishi haqida gapirib o‘tdi.
- Nima bo‘lganini bilmayman. Bizda hammasini o‘ylab ko‘rishga vaqt bo‘ladi. Muxlislardan uzr so‘rayman, ayniqsa, jamoa bilan birga kelgan muxlislar oldida aybdormiz. O‘tgan yili Rimda nima sodir bo‘lgan bo‘lsa, bu safar voqea Liverpulda takrorlandi, – degan Marca nashriga Xosep Bartomeu.
Eslatib o‘tamiz, 2014-2015 yilgi mavsumda “Barsa” futbolchilari UEFA Chempionlar ligasida zafar quchgandi. O‘shandan buyon jamoa, har safar finalga bir qadam qolganda turnirni tark etmoqda.
O‘zining yuksak cho‘qqisiga chiqqan, hatto “PSJ”ni o‘z uyidagi “kambek” orqali tiz cho‘ktirgan Kataloniya jamoasi o‘sha vaqtda ham finalga chiqa olmagandi.
O‘tgan yilgi mavsum va nihoyat, “Barsa” finalga chiqishiga barcha ishona boshlagan, o‘z uyida “Roma”ni 4:1 hisobida mag‘lub etib, Rimga boshini baland ko‘targancha borgan edi. Ammo, rimliklar raqibini ayab o‘tirmadi, qaqshatqich qasos oldi. Tabloda 0:3 hisobini ko‘rgan katoloniyaliklar boshini eggancha turnirni erta tark etgandi.
Bu yilchi, finalga bir qadam qolgandi. “Kamp Nou”dagi Messining ko‘rsatgan karomatlari oldida go‘yoki, ingliz jamoasi tiz cho‘ktirilgan edi. Javob o‘yini oldidan jamoaning asosiy futbolchilari Saloh va Firmino jarohati sabab maydonga tusha olmadi. Ammo, bu kecha Kloppning topqirligiyu, Origi va Veynaldumning dubllari “o‘zga sayyoralik”larni yerga tushirib qo‘ya qoldi.
“Liverpul” doimo jang qilgan. U jamoa tanlamaydigan klub. Bu o‘z isbotini topdi.
Hali futbolga “kambek” iborasi kirib kelmagan 2004-2005 yilgi mavsumni eslang. O‘shanda ham “Liverpul” “Milan”dan birinchi taymdayoq uchta gol o‘tkazib yuborgandi. Ikkinchi taym esa “Liverpul”ga ataldi. O‘yinning asosiy vaqtida durangga erishgan jamoa, penaltilar seriyasida milanliklardan ustun kelgan edi.
Jamoa finallarda qanday o‘ynashni biladi. Bugun, “Ayaks” va “Tottenhem” bahsiga guvoh bo‘lamiz. Ikkinchi finalchi ham anoyi jamoa bo‘lmasligi aniq. Ko‘ramiz, kuzatamiz.
LiveBarchasi
26 noyabr