“Barselona” futbolchisi faoliyatini Qatarda davom ettirishi mumkin
Sport
−
23 iyul
2067Qatarning “Al-Sadd” futbol klubi Ispaniyaning “Barselona” klubi yarim himoyachisi, germaniyalik Ilkay Gyundoganga transfer taklifi bilan chiqdi. Bu haqda “Mundo Deportivo” xabar berdi.
Futbolchining ispan klubi bilan shartnomasi 2025 yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladi va yana bir mavsumga uzaytirilishi mumkin.
Qayd etilishicha, “Barselona” moliyaviy qiyinchiliklar tufayli nemis futbolchisini sotish taklifini ko‘rib chiqmoqchi.
Germaniyada bo‘lib o‘tgan so‘nggi Yevropa chempionatida Gyundogan terma jamoa tarkibida 5 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Germaniya terma jamoasi Yevropa chempionatining chorak finalida Ispaniyaga qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub bo‘lib, turnirni tark etdi.
Gyundogan 33 yoshda va 2023 yildan buyon ispan klubida o‘ynamoqda. U erkin agent sifatida “Barselona”ga o‘tgandi. Faoliyati davomida futbolchi Angliyaning “Manchester Siti” jamoasida o‘ynagan. Jamoa tarkibida u besh marta Angliya chempioni bo‘lgan, ikki marta mamlakat kubogi va superkubogini qo‘lga kiritgan. Ilkay “shaharliklar” safida Yevropa Chempionlar ligasida ham g‘olib chiqqan.
Gyundogan Germaniya terma jamoasi tarkibida 82 uchrashuvda maydonga tushib, 19 gol urgan, 9 golga assistentlik qilgan va 2012 yilgi Yevropa chempionatining bronza medali sohibiga aylandi.
LiveBarchasi