“Barselona”dan 23 ta sovrin olib qo‘yilishi mumkin
Sport
−
19:22 695 2 daqiqa
“Real Madrid” Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) shtab-kvartirasiga “Negreyra ishi” bo‘yicha hisobot taqdim etib, “Barselona”dan 23 ta sovrin olib qo‘yilishini talab qilmoqda. Bu haqda Diario AS nashri xabar berdi.
Joriy yilning may oyida “Real Madrid” prezidenti Florentino Peres “Barselona” bilan bog‘liq “Negreyra ishi” haqida fikr bildirgan edi. Uning aytishicha, Ispaniya ligasi boshqaruv organi uning klubiga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lgan, “Barselona” esa hakamlik qarorlaridan foyda ko‘rib kelgan. Shu bilan birga, Peres UEFA’ga korrupsiya bo‘yicha hisobot taqdim etish niyati borligini ma’lum qilgan.
Manbaga ko‘ra, “Real Madrid” UEFA’dan “Barselona”ni Yevropa musobaqalaridan chetlatishni hamda Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi Texnik hakamlar qo‘mitasining sobiq vitse-prezidenti Enrikes Negreyra faoliyat yuritgan davrda qo‘lga kiritilgan barcha sovrinlarni bekor qilishni talab qilmoqda.
Negreyraning faoliyati davomida “Barselona” 9 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, 6 marta Qirollik Kubogi va 8 marta Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgan.
2023 yilda “Barselona” Enrikes Negreyraga to‘langan mablag‘lar orqali pora berishda ayblangan edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 2001-2018 yillar oralig‘ida Negreyra hakamlik masalalari bo‘yicha maslahat xizmatlari uchun klubdan taxminan 7 million yevro olgan.
“El País” nashrining yozishicha, Negreyraga tegishli kompaniya har bir liga yoki Qirol Kubogi o‘yini oldidan “Barselona” ofisiga konvertlar yetkazib bergan. Ularda yozma hisobotlar va navbatdagi uchrashuvni boshqaradigan hakam haqidagi videomateriallar bo‘lgani aytilmoqda.
Live
Barchasi